Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi, mutafakkir — Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va faoliyatini har tomonlama chuqur oʻrganish, asarlarini yurtimiz va xorijiy davlatlarda targʻib qilish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 yanvarda chiqqan “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida keltirib oʻtilganidek, jahon tarixida oʻchmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri boʻlgan Zahiriddin Muhammad Bobur haqiqatan ham qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida butun dunyoda maʼlum va mashhurdir. Shu bois ham bu buyuk siymo tugʻilgan kun sanasi har yili mamlakatimiz boʻylab adabiyot va ilm-maʼrifat bayrami sifatida nishonlanmoqda. Boburshunoslik sohasida koʻplab tadqiqotlar, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar muntazam oʻtkazilayotir.

Hind xalqining buyuk farzandi Javoharlal Neru taʼrifi bilan aytganda, “Dilbar shaxs” Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi 3-umumiy oʻrta taʼlim maktabida ham yuqori saviyada oʻtkazildi. Tadbir maktab direktorining MMIB oʻrinbosari Murodulla Berdiyorov boshchiligida ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari Gulshan Abdiraxmonova, Risolat Doniyorova, Yulduz Raxtmova, musiqa fani muallimi Samandar Boʻronov va boshqa murabbiylar tomonidan tayyorlangan ssenariy asosida tashkil etildi…

Oʻquvchi yoshlar tomonidan Bobur faoliyatiga bagʻishlangan Sahna koʻrinishlari tadbir ishtirokchilariga katta taassurot qoldirdi. Yigʻilganlar Bobur hayotiga oid turfa chiqishlardan ruhiy ozuqa olib, oʻgʻil-qizlar oʻz mahoratlarini ramziy maʼnoda ifoda etishdi.Tadbirni yuksak saviyada oʻtishida Shohsulton Jononov, Laylo Raxmatova, Farangiz Ostanaqulova, Farzona Ochilova, Farhod Abdiyev, Rustam Toshpoʻlatov, Istam Muhiddinov, Shahrizoda Joʻrayeva, Muzdalifa Kelmatova, Jahongir Saʼdullayev, Arslon Boʻriyev, Kibriyo Rahmonqulova, Aziza Hayitova, Dilyora Baxtiyorova, Istam Panjiyev, Bahora Rabidullayeva, Ogʻabek Choʻlliyev, Lola Eshqulova kabi oʻquvchi yoshlar alohida jonbozlik koʻrsatishdilar.

Gʻayrat OMONOV.

«Mirishkor mash’ali» gazetasi bosh muharriri