Jinoyat ishlari bo‘yicha Kasbi tuman sudi tomonidan 2023-yil mobaynida davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslarining 50 ta qarori noqonuniy chiqarilganligi uchun bekor qilingan.

Jumladan, Mirishkor tumani soliq inspeksiyasining 2022-yil 18-oktabrdagi QKSH 2224004714738-raqamli qarori bilan Sh.Abdullayevga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 175-moddasi 2-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida, ya’ni 3.000.000 so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Ish hujjatlariga ko‘ra Sh.Abdullayev Mirishkor tumanidagi “Bobo Ravshan” fermer xo‘jaligi rahbari vazifasida ishlab kelib, xo‘jalik faoliyati yuzasidan 2022-yil may oyi qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobotini Mirishkor tumani soliq inspeksiyasiga o‘z vaqtida topshirmagan deb hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kasbi tuman sudining 2023-yil 14-noyabrdagi qaroriga ko‘ra, Sh.Abdullayev qaror chiqarilgan vaqtda ya’ni 2022-yil may-oktabr oylarida “Bobo Ravshan” fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lib ishlamaganligi sababli Mirishkor tuman SIning 2023-yil 18-oktabrdagi QKSH 2224004714738-raqamli qarori bekor qilinib, Sh.Abdullayevning harakatida O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 175-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik alomati mavjud emas deb, ish MJtK 271-moddasi 1-bandiga asosan tugatilgan.