Tuman hokimi Sherali Sanayev sessiya ishtirokchilari eʼtiborini joriy yilda erishilgan uchta muhim yutuq va voqealarga qaratdi.
Birinchi:
Xabaringiz bor, soʻngi ikki yilda tumanimiz agrar tumandan agrar-industrial sohaga ixtisoslashib, qator natijalarga erishildi.
Birgina 2022 yilda umumiy qiymati 241 mlrd. soʻmlik 42 ta loyihalar ishga tushishi natijasida 1410 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Jumladan, umumiy qiymati 27 mlrd soʻm boʻlgan yillik 35 ming tonna quvvatga ega un mahsulotini ishlab chiqaruvchi “The Best Agroxim Cluster” un zavodi, umumiy qiymati 95,0 mlrd soʻm boʻlgan yillik quvvati 5 ming tonna ega boʻlgan zamonaviy ip-kalava ishlab chiqaruvchi “Original Cotton Mirishkor” MCHJ va umumiy qiymati 20 mlrd.soʻm boʻlgan “Samo” brendi ostidagi paxtani qayta ishlash zavodi kabi yirik loyihalar shular jumlasidan.
Ikkinchi:
Joriy yil taʼlim va sport yoʻnalishlarida ham qator natijalar qayd etilganini alohida eʼtirof etish lozim.
2022 yilda 1299 nafar 11-sinf bitiruvchilarining 321 nafari, yaʼni 24,7 foizi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan boʻlib, oʻtgan yilga taqqoslaganda 103 nafar 11,7 % ga oʻsgan. Oʻtgan oʻquv yilida ushbu koʻrsatkich 218 nafar yaʼni 13% foizni tashkil etgan. Ushbu yilda tumanimizda oʻquvchisi Oliy taʼlim muassasasiga kirmagan qizil maktablar qolmadi. Quvonarlisi, barcha taʼlim muassasalaridan oliy taʼlimga oʻquvchilar oʻqishga kirishdi.
Mirishkor tumani joriy yilgi Milliy reytingda 13-pogʻonadan 7-pogʻonaga koʻtarilib oldi.
Shuningdek, joriy yil 47 nafar Mirishkorlik sportchilar mamlakat, Osiyo va jahon musobaqalarida faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritishdi.
Jumladan, 5 nafar jahon chempioni, 2 nafar xalqaro musobaqalarda 2-oʻrinni egallashgan boʻlsa, 3 nafar yoshlarimiz Osiyo chempioni boʻlishgan.
Osiyo musobaqalarida 2 nafar yosh 2-oʻrinni va 2 nafari 3-oʻrinni egallashdi. 5 nafar yoshlarimiz mamlakat chempioni boʻlishgan boʻlsa, 7 nafari Oʻzbekiston chempionatlarida 2-oʻrinni, 9 nafari 3-oʻrinni, 2 nafar Oʻzbekiston Kubogi sohibi boʻlgan boʻlsa, Kubok musobaqalarida 1 nafari 2-oʻrinni, 8 nafari 3-oʻrinni egallashgan.
Uchinchi:
Mahallada ishlovchilarning huquq va vakolatlari kengaydi, masʼuliyati oshdi. Shu bilan birga odamlarning ham mahallaga munosabati oʻzgardi. Aslida ham shunday boʻlishi kerak. Har qanday masalada odamlar avvalo mahallaga boradi, quvonchu tashvishi mahalla bilan. Bu yerda yechim topmagan masala, muammo keyin yuqoriga chiqadi. Shuning uchun Mirishkor tumanidagi mahalla binolarini taʼmirlash va maʼmuriy binolari bilan taʼminlash maqsadida 2 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari maʼmuriy binosi yangidan qurildi va 13 ta mahalla binolari kapital taʼmirlanib, zamonaviy jihozlar bilan taʼminlandi.