Gidrotexnika qurilishi bilan qamrab olingan xalq xo‘jaligining tarmoqlari ko‘p sonli va kengdir. Shu jumladan-zax qochirish, sug‘orish, suv ta’minoti, suv transporti, suv energiyasidan foydalanish (gidroenergetika), baliqchilik, suv toshqini va qirg‘oqlarni himoya qilish, mudofaa inshootlari va boshqalar kiradi. Suv resurslarining umumiy hajmi yer yuzida 1.3 mlrd. km3 ni tashkil qiladi, shundan 97,2 % ichishga yaroqsiz sho‘r suvdir, 2,15 % muzliklardagi suvlar va faqat 0,65 % ni chuchuk suv tashkil qiladi.

Markaziy Osiyo va Shimoliy Qozog‘iston darolaridan yil davomida oqib o‘tgan suvning o‘rtacha miqdori 127 km3 ga teng bo‘lib, shu jumladan Amudaroda 79,5 km3, Sirdaroda 37,2 km3 ni tashkil etadi.

Bulardan ko‘rinib turibdiki, suv resurslarining hududlar va vaqt bo‘yicha taqsimlanishi bir tekis emas va ulardan foydalanish ma’lum gidrotexnik tadbirlarni taqozo etadi.

Viloyatda suvning qadr-qimmati yuqori bo‘lib, ekin maydonlarini sug‘orish uchun foydalaniladigan suvning 83 foizi qo‘shni Respublikalardan jumladan, 75 foizi Amudaryo orqali Turkmaniston davlati chegaralaridan va 8 foizi Tojikiston davlati tog‘ va daryo irmoqlaridan shakllanib, og‘ir qiyinchiliklar va mashaqqatlar bilan katta mablag‘lar evaziga olib kelinmoqda.

Mamlakatimizning iqtisodiy yuksalishi suv xo‘jaligi va melioratsiyaning bundan keyingi rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu boisdan Respublikamizda yer-suv resurslaridan oqilona foydalanish, gidrotexnika inshootlarini ishlatishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish hamda yirik gidromeliorativ inshootlar xavfsizligini ta’minlash, sug‘oriladigan yerlar unumdorligini oshirish, ularning sho‘rlanish va botqoqlanishiga, sug‘orish suvini suv manbaidan dalalargacha yetkazib beruvchi sug‘orish tarmoqlarida hamda sug‘orish jarayonida suvning behuda isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi muammolarga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. 

Keyingi yillarda qabul qilingan bir qator “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”, “Yer kodeksi”, “Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) to‘g‘risida”, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”, “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida” kabi qator qonun xujjatlari fikrimizning yorqin dalilidir. 

Bugun dunyoning turli davlatlarida suv taqchilligi global muammolardan biriga aylanib bormoqda. Buning ortidan o‘sha davlatlarda qishloq xo‘jaligining izdan chiqayotganligi, dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan millionlab kishilarning ishsizlik, qashshoqlikka yuz tutayotganligi barchamizga ma’lum. 

Ma’lumotlarga qaraganda, hozirgi kunda yer yuzida 2-2,5 milliard aholi suv taqchilligidan aziyat chekmoqda. Dunyo aholisini soni tobora ortib, suv zahiralari kamayib borayotganligini inobatga olsak, mavjud resurslardan tejab-tergab, samarali foydalanish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. 

Qashqadaryo viloyati qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va dehqonchilik sohasida Respublikaning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi.

Viloyatda suvning qadr-qimmati yuqori bo‘lib, ekin maydonlarini sug‘orish uchun foydalaniladigan suvning 83 foizi qo‘shni Respublikalardan jumladan, 75 foizi Amudaryo orqali Turkmaniston davlati chegaralaridan va 8 foizi Tojikiston davlati tog‘ va daryo irmoqlaridan shakllanib, og‘ir qiyinchiliklar va mashaqqatlar bilan katta mablag‘lar evaziga olib kelinmoqda.

Ushbu suv resurslari Amudaryo kaskadidan 7 ta ulkan nasos stansiyasi bilan jami 45 ta katta hajmdagi nasos agregatlari orqali 79,6 km masofada 132 metr balandlikda suv ko‘tarilib, Talimarjon suv omboriga tashlanadi va viloyatning Nishon, Mirishkor, Qarshi, Kasbi, G‘uzor, Koson tumanlaridagi jami 335 — 340 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonlariga yetkazib beriladi.
Qashqadaryo viloyatida sug‘oriladigan maydonlar 514114 gektarni tashkil etadi.

Viloyatda 26 ta suv xo‘jaligi tashkiloti bo‘lib, shundan 20 ta suv xo‘jaligi tashkilotlari Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashlidir.

Havza boshqarmasiga qarashli irrigatsiya tizimi boshqarmasi va uning tizimi hisobida 10 bo‘lim, jami 2467,5 km uzunlikda 253 ta magistral va xo‘jaliklararo kanallar bo‘lib, shundan, magistral kanallar 431,1 km va xo‘jaliklararo kanallar 2036,1 kmni tashkil etadi.

Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi hisobida 50 ta nasos stansiyalarida 205 ta nasos agregatlari bo‘lib, 91420 gektar maydonni va nasos stansiyalariga suv keltiruvchi 23 ta 37,4 km uzunlikdagi kanallar bo‘lib, 72950 gektar maydonlarni sug‘oradi.

Viloyatda nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi hisobida 9 ta tumanda 1093 ta yer osti sug‘orish quduqlari bo‘lib, 9853 gektar va 4 ta tumanda 242 ta meliorativ quduqlar bo‘lib, 9013 gektar maydonlarni sug‘oradi.

Viloyatda foydalanuvchi suv xo‘jaligi tashkilotlari hisobida bo‘lgan 9 ta gidrouzellar mavjud.

Ana shulardan kelib chiqib, suv xo‘jaligi va melioratsiya sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash shu kunining dolzarb vazifalaridan biriga aylangan va uni bajarish maqsadida sezilarli ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. E’tiboringizga havola etilayotgan ushbu “Gidrotexnika inshootlari” darsligi mualliflarning bu boradagi ezgu maqsadlari yo‘lidagi urinishlaridan biridir, deyilsa xato bo‘lmaydi.

Shahriyor Hamzayev,

Mirishkor tumani hokimligi investitsiya, sanoat va savdo bo‘limi xodimi, “O‘z kasbining fidoyisi” esdalik nishoni sohibi.