Mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Avvalambor, sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish maqsadida Sudyalar oliy kengashi taʼsis etildi. Sudyalar oliy kengashining mustaqilligini yanada kuchaytirish maqsadida, uning tarkibidan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari chiqarib tashlandi.

Konstitutsiyaning 111-moddasida — Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining organi boʻlib, u Oʻzbekiston Respublikasida sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini taʼminlashga koʻmaklashadi. Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi – deb qayd qilingan.

Sudyalar oliy kengashiga konstitutsiyaviy maqom berilganligi unga yuklatilgan vazifalarni mustaqil va samarali amalga oshirilishining muhim konstitutsiyaviy kafolati hisoblanadi.

Qayd etish joizki xalqaro standartlarda bunday vazifani amalga oshiruvchi organ maqomi konstitutsiyaviy tartibga solinishi yuksak eʼtirof etiladi.
Ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 20-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuni qabul qilindi.

  1. Qonun bilan Kengash raisining doimiy asosda faoliyat yurituvchi oʻrinbosari lavozimi joriy etildi. Natijada, Sudyalar Oliy maktabi direktoridan Kengash raisining jamoatchilik asosidagi oʻrinbosari vazifasi soqit qilindi.
  2. Sud inspeksiyasi negizida Sudyalar daxlsizligini taʼminlash va korrupsiyaning oldini olish boʻyicha sud inspeksiyasi tashkil etildi.
  3. Kengashga:
    • Sudyalar, sud apparati xodimlari orasida korrupsiya holatlarining oldini olish va barvaqt aniqlash boʻyicha choratadbirlar koʻrish;

• Kengash va sud tizimi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish;

• rahbar sudyalik lavozimlariga koʻrsatish uchun munosib sudya kadrlarni tanlab olish, sudyalarni ragʻbatlantirish, shuningdek ularni mukofotlash, taqdirlash boʻyicha tashabbus koʻrsatish kabi yangi vazifalar yuklatildi.

  1. Kengash oʻz vakolatlariga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra:
    – rahbar sudyalik (ilgari sudyalik) lavozimlariga nomzodlarning zaxirasini shakllantiradi;
    – xizmat tekshiruvini oʻtkazish tartibini belgilaydi;
    – Sudyalarning oliy malaka hayʼatlari qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqadi;
    – Oliy sud raisining Sudyalar oliy malaka hayʼatining qarorlari, xulosalari yuzasidan taqdimnomalarini koʻrib chiqadi;
    – sudyalar faoliyatini ochiq va shaffof reyting (ilgari bunday reyting boʻlmagan) dasturi asosida baholash mezonlarini aniqlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi;
    – Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti direktorining axborotini har yili eshitadi.
  2. Kengash raisining vakolatlariga quyidagilar kiritildi:
    – Sud hokimiyati mustaqilligini, sudyalar daxlsizligini taʼminlashga va odil sudlovni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillar haqida, shuningdek sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning holati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yil yakuni boʻyicha axborot taqdim etish;
    – jismoniy shaxslar, yuridik shaxslar vakillarini shaxsan qabul qilish.
  3. Kengash raisi oʻrinbosari vakolatlari aniq belgilab berildi.
  4. Kengash raisi sudyalarning daxlsizligini buzganlik va odil sudlovni amalga oshirishga aralashganlik holatlari yuzasidan prokuratura organlariga taqdimnoma kiritishi mumkin, taqdimnoma bir oy muddatda koʻrib chiqilib, natijasi haqida Kengash xabardor qilinadi.

Prokuratura organlariga kiritilgan taqdimnoma 1 oy muddatda koʻrib chiqiladi va Kengash jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligi toʻgʻrisida yoki uni qoʻzgʻatish rad etilganligi haqida Bosh prokuratura tomonidan xabardor qilinadi.

8. Sudya huquqbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinib vakolatlaridan sudya ushlangan paytdan eʼtiboran uch soatdan kechiktirmasdan Sudyalar oliy kengashiga ushlab turish uchun asos boʻlgan hujjatlar koʻchirma nusxalari ilova qilingan holda xabar qilinadi.

9. Sudyalikka nomzodning boʻsh sudyalik lavozimlarini toʻldirish uchun tanlovda ishtirok etish toʻgʻrisida bevosita Kengashga ariza berish huquqi belgilandi.
10. Kengash tarkibida huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillarining boʻlishi bekor qilindi.

Mazkur qonunning qabul qilinishi Sudyalar oliy kengashi faoliyatida shaffoflik va ochiqlikni taʼminlash, uning asosiy vazifalarini oʻz vaqtida bajarilishi, sudyalik lavozimiga nomzodlarni saralash tizimini takomillashtirish, sudya boʻlishga xohishi boʻlgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga, qolaversa, qonun hujjatlarida mavjud boʻlgan qarama-qarshilik va boʻshliqlarni bartaraf etishga yordam beradi.

Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori Urunbayev Nuriddin va boshqarma prokurori Karakulov Turgun