Xabaringiz bor, tuman hokimi Sherali Sanayev Rossiya va MDH mamlakatlarida eng sifatli kabel va simlarni ishlab chiqishda yetakchilardan hisoblangan “ELKA-Kabel” korxonasi rahbarlari bilan tumanda noyob, issiqlikka chidamli alyuminiy qotishmasidan foydalangan holda innovatsion kabel mahsulotlarini ishlab chiqish loyihasini boshlash ustida “Zoom” platformasi orqali muzokara o‘tkazgandi.

Korxona vakili Vladimir Savchenko bugun Mirishkor tumanida bo’lib, tuman hokimi Sherali Sanayev rahbarligidagi soha mutaxassislari bilan muzokara o’tkazdi.

Tumanning mavjud imkoniyatlari, shart-sharoit, tadbirkorning huquq va majburiyatlari haqida batafsil tushunchalar berilib, loyiha borasida suhbat o’tkazildi.

Dastlab, tuman rahbari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tadbirkorlarning ham haq-huquqlari mustahkamlanganligini alohida e’tirof etib, ularga Davlat rahbarining odilona siyosati o’laroq keng imkoniyatlar yaratilayotgani haqida so’z yuritdi.

Rossiyalik tadbirkorning innovatsion kabel mahsulotlarini ishlab chiqish loyihasi ishga tushishi natijasida 60 dan ortiq ish o’rinlari yaratilishi ham qo’shimcha qilindi.

Uchrashuv yakunida tuman hokimligi tomonidan tadbirkorga yaqindan ko’maklashish maqsadida huquqiy yordam berilishi ma’lum qilindi va tumanga 3 mln AQSH dollari miqdoridagi investitsiya olib kirish borasidagi dastlabki kelishuvga erishildi.