Telegram messenjeridagi kanallardan birida “Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani Pomuq mahallasi shaharchaga aylantirilyapti. Prezidentimiz buyrugʻi bilan taʼmir-qurilish ishlari qilinyapti. Ammo qurilishni nazorat qiladigan odam yoʻq. Oddiy misol, bolalar maydoni yonida tandirxona qurildi. U yerni ham chiqindi bosgan. Qurilish-taʼmir jarayonini nazorat qilishlarini soʻraymiz”, deya foto tasvirlar bilan yoʻllangan murojaat eʼlon qilinibdi.

Kanalda eʼlon qilingan postdagi tasvirning quyi qismida tasvirga olingan sana koʻrsatilgan.

Mazkur post 2021 yil 6-oktyabr kuni 20:30 da e’lon qilingan. Biroq tasvirdagi sana 2021/9/18 ko‘rsatilgan.

Joriy yilning sentyabr oyi davomida Pomuq shaharchasida «Obod qishloq» va «Obod mahalla» davlat dasturi asosida qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Xususan, 2-mitti tumanda dastur asosida 2 ta 4 qavatli uylarning ustki fasad qismi, podʼezdlar taʼmirlandi. Uylar atrofida yoʻlakchalar, tandirxona va oʻtinxonalar qurildi, bolalar maydonchalari, oʻrindiqlar va tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi.

Dastur asosidagi ishlar doirasida «Toza hudud» DUK tuman boʻlimi tomonidan uylar atrofidagi chiqindixona tozalangan. Shuningdek, obodonlashtirish ishlari davom ettirilishi ma’lum qilingan.

Postda eʼlon qilingan holat 19-sentyabrdagi eski holat boʻlib, bugungi kundagi holatga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi.