Prezident Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 15-mart kuni Qashqadaryo viloyatida hamda elektr energiyasi tarmogʻida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Qashqadaryo viloyatida hamma tarmoqlar boʻyicha salohiyat yuqori. Sanoat uchun zarur xomashyo resurslari, xizmat koʻrsatish uchun infratuzilma, qishloq xoʻjaligi uchun yer-suv va tajriba bor. Shulardan kelib chiqib, toʻqimachilik, qurilish materiallari, kimyo va oziq-ovqat sanoati, turizm, uzumchilik, bogʻdorchilik va chorvachilik asosiy “oʻsish nuqtalari” sifatida belgilab olingan.

Joriy yil uchun umumiy qiymati 11 trillion 300 milliard soʻm boʻlgan 1 ming 125 ta hududiy loyiha shakllantirilgan.

Xususan, sanoat sohasida 296 ta, xizmat koʻrsatishda 449 ta, qishloq xoʻjaligi tarmogʻida 380 ta korxona tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bunda iqtisodiy samaradorlik va bandlikka alohida eʼtibor qaratilgan. Boʻlgʻusi korxonalarda yiliga 6 trillion soʻmlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Bu 131 million dollarlik import oʻrnini bosish, 180 million dollarlik eksport qilish imkonini beradi. 19 mingdan ziyod kishi ish bilan taʼminlanadi.
Masalan, paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan 26 ta loyiha taklifi bildirilgan. Shundan 10 tasi tayyor mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan. Bularning natijasida paxta xomashyosini viloyatning oʻzida qayta ishlash darajasiga sezilarli oshadi. Birgina shu tarmoqda 7 ming 600 dan ziyod ish oʻrni tashkil etiladi.

Qashqadaryoda yiliga 106 ming tonna gipsokarton, 102 ming kvadrat metr kafel va boshqa qurilish materiallariga talab bor. Lekin, kerakli xomashyo boʻlishiga qaramay, viloyatda bu mahsulotlar umuman ishlab chiqarilmas edi. Shu bois bu sohada bir nechta loyiha rejalashtirilgan.
Misol uchun, Chiroqchi tumanida 210 milliard soʻmlik loyiha evaziga gipsokarton, pardozbop toshlar, gazobeton, temir-beton konstruksiyalar ishlab chiqarish moʻljallangan. Buning natijasida uy-joylar qurilishida 1 kvadrat metr tannarxini 25 foizgacha qisqartirish imkoniyati paydo boʻladi.
Shuningdek, Chiroqchi tumanida kafel ishlab chiqarish, Shahrisabz shahrida granit va marmarni qayta ishlash boʻyicha loyihalar ham bor.

Qashqadaryoning togʻli tumanlari meva-sabzavot, uzum, kartoshka, kovrak kabi bozorbop mahsulotlar yetishtirishga, dasht hududlar chorvachilikka ixtisoslashtirilgan. Jumladan, Nishon tumanida chorva kompleksi tashkil etib, sutni qayta ishlash boʻyicha 110 milliard soʻmlik loyihaga kirishilgan. Bu majmuada 614 bosh naslli qoramol boqilib, yiliga 5 ming 760 tonna sut mahsulotlari tayyorlanadi. 230 nafar qishloq aholisi ishli boʻladi.

Shahrisabz tumanining togʻoldi qishloqlarida kartoshka va sabzavotlar yetishtirish loyihalari ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan muhim. Buning uchun aholiga yer ajratib berilib, mahsulotlar kooperatsiya asosida sotib olinadi. Hisob-kitoblarga koʻra, shu hududning oʻzidan viloyatda kartoshkaga boʻlgan talabning 34 foizini taʼminlash mumkin. Bu ishlarga 6 ming 500 dan ziyod aholini jalb etib, ularga daromad manbai yaratish maqsad qilingan.

Davlatimiz rahbari loyihalarni bir-biriga yaqin, ixcham joylashtirib, kommunikatsiya xarajatlarini kamaytirish, hududiy korxonalarni yirik sanoat tarmoqlari bilan bogʻlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Har bir loyiha zamirida aholini ish bilan taʼminlash masalasi yotgani uchun ularga mablagʻlarni tezroq ajratish zarurligini taʼkidladi.
Taqdimotda joriy yilda elektr energetikasi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar ham koʻrib chiqildi.

Maʼlumki, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga boʻlgan talabi yildan-yilga ortib bormoqda. Buni taʼminlash maqsadida eskirgan podstansiyalar va uzatish tarmoqlari bosqichma-bosqich yangilab kelinmoqda.

Xususan, bu yil magistral elektr tarmoqlari boʻyicha umumiy qiymati 140 million dollar boʻlgan 6 ta loyiha rejalashtirilgan. Ulardan biri 14 ta podstansiyani modernizatsiya qilish loyihasidir. Buning samarasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda jami 1 ming 430 MVt qoʻshimcha quvvat yaratiladi. Yana bir muhim jihati, ushbu podstansiyalardagi yillik elektr energiyasi isrofi 1,5 million dollarga, taʼmirlashga sarflanadigan xarajatlar qariyb 16 million dollarga kamayadi. Hisobga olish tizimidagi xatoliklar barham topadi.

Qolgan 5 ta loyiha yangi podstansiyalar va magistral elektr uzatish tarmoqlarini qurish hamda tiklashga qaratilgan.
 Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish boʻyicha ham keng koʻlamli ishlar belgilangan. Xususan, 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlarini, 4 mingta transformatorni yangilash choralari koʻrilgan. Bu ishlar natijasida yurtimizdagi 5 ming 377 ta mahallaning elektr taʼminoti yaxshilanadi.
Prezidentimiz bu loyihalarning iqtisodiy samaradorligi va ijtimoiy ahamiyatini alohida taʼkidlab, ularni sifatli bajarish, elektr energiyasi taʼminoti barqarorligini oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi.