Markazda 10 ta davolash korpusi boʻlib, 370 ta oʻringa ega. Bu yerda yiliga 9 mingdan ortiq bemorga statsionar, 43 ming nafariga ambulator tartibda xizmat koʻrsatilmoqda.

Toshkent va Qoʻqon shaharlari, Qoraqalpogʻiston va viloyatlarda markazning hududiy filiallari tashkil etilgan. Ularning har birida palliativ yordam boʻlimlari ochilgan. Ilk bor, barcha hududiy onkologik muassasalar jami 22 ta zamonaviy nur terapiyasi uskunalari bilan jihozlandi. Tibbiyot markazi bilan barcha filiallar oʻrtasida telemeditsina amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan. Soʻnggi uch yilda tizimdagi 150 nafar mutaxassis nufuzli xorijiy klinikalarda davlat hisobidan malaka oshirgan.

Bemorlar uchun eng qiyini kerakli dorilarni topish va sotib olishdir. Shu bois bu borada davlat tomonidan ham koʻmak koʻrsatilmoqda. Onkologiya xizmati uchun dori-darmon va sarflov vositalariga 2016 yilda 8 milliard soʻm ajratilgan boʻlsa, 2021 yilda bu koʻrsatkich qariyb 62 milliard soʻmga yetgan.

Davlatimiz rahbari markazda davolanayotgan bolalarga shifo tilab, ota-onalariga dalda berdi.