Oila muqaddas dargoh. Jamiyatdagi barcha munosabatlar, qadriyatlar va anʼanalar farzand ongiga avvalo oilada singdiriladi, shu jumladan, huquqiy tarbiya ham. Bu gʻoyat murakkab va uzoq vaqtni talab qiladigan jarayondir. Shu boisdan uni bolalikdan boshlamoq kerak. Har bir kishining Vatan manfaatlari yoʻlida halol mehnat qilishi kerakligi toʻgʻrisida, fuqarolarning shaxsiy mulki va boshqa mulklari daxlsiz ekanligi haqidagi tasavvur va boshqa ijtimoiy his-tuygʻularini yoshlikdan shakllantirish lozim.

Shunda biz voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarlik, jinoyat va boshqa noxush holatlarning oldini olgan boʻlamiz.

Hozirgi paytda nafaqat bizda, balki butun dunyoda voyaga yetmaganlarga eʼtibor tobora ortmoqda. Yaʼni voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi toʻgʻrisida yetarli darajada statistik materiallar toʻplangan va uni tahlil qilishning usullari ishlab chiqilgan. Bularning barchasi voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining ahvolini toʻgʻri baholash, undagi miqdor va sifat koʻrsatkichlaridagi oʻzgarishlarni bilish imkonini beradi. Ayrim vaqtlarda alohida hududlardagi jinoyatchilikning miqdor va sifat koʻrsatkichlarida, shuningdek, jinoyat sodir etuvchi shaxslar va turli xil jinoyatlar tarkibida aniq boʻlmagan maʼlumotlar boʻlishiga qaramay voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining aniq ahvolini bilish imkoniyati bor.

Qaysi hududda oilaviy nizolar va nikohning bekor boʻlishi koʻp boʻlsa, oʻsha joyda voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi yuqoridir, chunki bunday hodisa bilan voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlanish mavjuddir. Ayniqsa, bolalari boʻla turib, er-xotinning doimiy janjal qilishini, oiladagi zoʻravonliklar va ajralib ketish hodisalari koʻproq boʻlgan joylarda voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi yuqori boʻlmoqda.

Bunday holat oila mustahkamligini yanada yaxshilash, nikohlar bekor boʻlishining oldini olish, voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklarni cheklash, tarbiyaviy choralarni yanada yaxshilashni taqozo etadi.

Biz farzandlarimizning jinoyat yoʻliga kirishlariga yoʻl qoʻymasligimiz lozim.
Maqsad bitta mamlakatimizda sogʻlom oilalarni shakllantirib, ularda farzandlarimizni jismoniy va maʼnaviy yetuk qilib tarbiyalashdan iborat.

Qashqadaryo viloyat sudi sudyasi B.Turdiyev