Davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yil yilning 16- mart kuni “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni imzolandi. Mazkur qonun, aholini roʻyxatga olish sohasidagi munosabatlarni har tomonlama tartibga soluvchi ilk bor qabul qilingan huquqiy hujjat sifatida Oʻzbekiston tarixidan oʻrin oldi. Chunki shu vaqtgacha bu sohada qonunchiligimizda hech qanday hujjat yoʻq edi.
Qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019- yil 5- fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish Konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5655-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan. Qonunni ishlab chiqishda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropa statistiklari konferentsiyasining aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish boʻyicha asosiy tamoyillari va tavsiyalaridan asos sifatida foydalanildi.
Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Osiyo va Yevropa mamlakatlari, jumladan, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Ukraina, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Janubiy Koreya, Hindiston, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, AQSH, Kanada va boshqa davlatlarning ushbu sohadagi tajribalari oʻrganilib, qonun loyihasini ishlab chiqishda foydalanildi. Qonun beshta bob va oʻttiz bir moddadan iborat boʻlib, unda qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, aholini roʻyxatga olishning vazifalari va prinsiplari yoritib berilgan.
Asosiy prinsiplardan biri sifatida davriylik prinsipi, yaʼni aholini roʻyxatga olish oʻn yilda kamida bir marta oʻtkazilishi hamda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinishi belgilab qoʻyilgan. Aholini roʻyxatga olish jarayonida, shaxsga doir maʼlumotlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga olish varaqlari asosida har bir respondent uchun yakka tartibda toʻldiriladi, yaʼni roʻyxatga oluvchi shaxslar tomonidan uyma-uy yurib, har bir respondent uchun alohida toʻldiriladi.
Yana bir muhim prinsiplardan biri, bu shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi boʻlib, bunda aholini roʻyxatga olish jarayonida yigʻilgan shaxsga doir maʼlumotlar maxfiy hisoblanishi, ular respondentning roziligisiz oshkor etilmasligi va tarqatilmasligi qatʼiy belgilab qoʻyilgan.
Mirishkor tuman statistika boʻlimi