Mirishkor tuman hokimi Sherali Choriyevich Sanayevning “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan soha xodimlariga tabrigi

Dunyodagi ming-minglab kasblar orasida ikkita buyuk kasb – shifokorlik va oʻqituvchilik kasbi borki, ular, toki hayot bor ekan, oʻzining maʼno-mazmunini va olijanobligini, ahamiyati va hurmatini hech qachon yoʻqotmaydi.

Bugun aynan shunday oliyjanob kasb egalari — ustoz va murabbiylar oʻz bayramlarini nishonlashmoqda.

Avvalambor barcha ustoz va murabbiylarni, zahmatkash va mehribon ustozlarimizni “O‘qituvchi va murabbiylar” kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Albatta, bugungi ayyomda dillardagi eng samimiy tilaklarni bildirish bilan bir qatorda, Siz azizlarning mehnatingiz va yutuqlaringizni alohida eʼtirof etishni joiz deb bilaman.

Birgina xalq taʼlimi sohasidagi oʻqituvchilarning sifat tarkibiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2021-2022 oʻquv yili boshida 1900 nafar oʻqituvchilardan Oliy toifali 79 nafar, I-toifali 224 nafar, II-toifali 388 nafarni tashkil etgan boʻlsa, bu koʻrsatgich 2021-2022 oʻquv yili oxirida 1901 nafar oʻqituvchilardan Oliy toifali 112 nafar, I-toifali 269 nafar, II-toifali 503 nafarni tashkil etdi. Toifaga ega pedagoglarning salmogʻi 46,5 foizni tashkil etmoqda.

Shuningdek, xorijiy tillarda dars beruvchi oʻqituvchilarimiz oʻz ustilarida ishlab, bugungi kunda 1 nafar ingliz tili fani oʻqituvchisi xalqaro S1, 4 nafari B2 darajali sertifikatlar olishdi. Rus tili fanidan 8 nafar oʻqituvchilar S1 darajali sertifikatlar olishdi.
Ushbu yil 335 nafar oʻqituvchilarimiz malaka toifalarni oshirdilar, shundan 37 ta oliy toifa, 90 ta birinchi toifa, 208 ta ikkinchi toifani tashkil etadi.

Qadrli ustozlar!

Bevosita aziz oʻqituvchilarimizning taʼlim sohasida olib borayotgan mashaqqatli mehnatlarining samarasi oʻlaroq, joriy yil aprel oyida 4 nafar 11-sinf bitiruvchilari oʻz bilimlari bilan nufuzli chet el oliy taʼlim muassasalariga muddatidan avval qabul qilindi.

Bular orasida 1-IDUM oʻquvchisi Mamadiyev Jahongir, 20 -IDUM oʻquvchisi Murodullayeva Sitora Farhod qizi, 21-IDUM oʻquvchisi Ashirqulov Suxroblar Britaniya menejment universiteti talabasi, 9-maktab oʻquvchisi Eshonqulov Hamza Moskva moliya-sanoat universiteti talabasi boʻlishdi.

Xabaringiz bor, joriy yil viloyat hokimi sovrini uchun boʻlib oʻtgan fan olimpiadasida 3 nafar oʻquvchi 1-oʻrinni, 2 nafar oʻquvchi 3-oʻrinni egallab, Respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi.

2022 yilgi 1299 ta bitiruvchidan 275 nafar, yaʼni 22 % oʻquvchilar oliy oʻquv yurti talabasi boʻldi. Bu koʻrsatgich oʻtgan 2021 yilga nisbatan 10 foizga oshgani bilan quvonarli.
Bitiruvchilarimiz 15 ta oltin, 30 ta kumush, 60 dona aʼlo darajali shahodatnomaga ega boʻldilar.

Azizlarim!

Davlat rahbarining taʼlim sohasiga berayotgan keng koʻlamli imkoniyatlari, amalga oshayotgan islohotlar natijasida 2022-2023 oʻquv yilida Mirishkor tumanida 4 ta yangi 40-41-42-43-sonli maktablar tashkil etildi.
2022 yilgi investitsiya dasturi asosida «Gulobod» mahallasida joylashgan 22-maktab binosining taʼmiri uchun 4,5 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilib, kapital taʼmirlandi.

Shuningdek, «Ayzabod» mahallasidagi 11-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi «Obod mahalla» dasturi asosida 2,5 mlrd. soʻm mablagʻ evaziga taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi.
15 ta maktabga 16 tadan jami 240 ta yangi va zamonaviy kompyuterlar jamlanmasi yetkazib berildi.

Aziz ustoz va murabbiylar!

Yana bir muhim xabarni Sizlar bilan boʻlishmoqchiman. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni bilan Mirishkor tumanidagi 21-ixtisoslashtirilgan umumiy oʻrta taʼlim maktabining matematika fani oʻqituvchisi Bozorov Sayfullo Saʼdullayevich «Shuhrat» medali bilan mukofotlandi. Ushbu yuksak mukofot bilan tumandoshimizni oʻzim va keng jamoatchilik nomidan samimiy tabriklayman.

Hurmatli ustoz va murabbiylar!

Siz azizlarni kasb bayramlaringiz bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilayman!