Joriy yilning 23-dekabr kuni soat 14.55 da “Nasafnews.uz” saytining telegramdagi rasmiy sahifasida eʼlon qilingan “Tanzila Norboyeva Mirishkor hokimining qonunga zid qarorini bekor qildi. Ammo qaror faqat qogʻozda bekor boʻldi, amalda esa koʻplab fermerlar aziyat chekmoqda” deb,
nomlangan maqola boʻyicha tuman hokimligining munosabati.
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining “Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlarini tartibga solish toʻgʻrisida”gi 10-moddasiga koʻra viloyat, tuman, shahar hokimi qonunda nazarda tutilgan hollarda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, dehqon xoʻjaliklari va fuqarolarga egalik qilish, foydalanish uchun va ijaraga berishga, ushbu subʼektlarning yerga egalik qilish va undan foydalanishga boʻlgan huquqini bekor qilishga haqli. Xalq deputatlari Kengashi, hokim Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlariga muvofiq yer munosabatlariga doir boshqa masalalarni hal qilishlari huquqiy norma sifatida belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 15 dekabrdagi 362-sonli “Fermer xoʻjaliklarini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlarini maqbullashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 4-bandida shunday tartib belgilanib, unga koʻra, 2016 yil 1 yanvardan boshlab, fermer xoʻjaliklarini yuritish uchun yer uchastkalarini berish va ularni olib qoʻyish hududiy fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashlarining va tuman hokimligi huzuridagi yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiqish komissiyasi xulosasiga koʻra, xalq deputatlari tuman Kengashlarining qarori asosida amalga oshirilishi qayd etilgan.
Yuqoridagilarga koʻra, Mirishkor tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashining xulosasi va tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimining hamda tuman yer resurslari va davlat kadastr boʻlimining taqdimnomalariga muvofiq, xalq deputatlari Mirishkor tuman Kengashining 2020 yil 19 noyabrdagi 67/16-6-sonli qarori qabul qilingan.
Ushbu qarorga asosan jami 164 ta fermer xoʻjaliklari bilan tuzilgan yer ijara shartnomalari bekor qilingan.
Xususan, “Doʻstlik” hududida 2020 yilda 64 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 1051 gektar maydonga 2553 tonna paxta yetishtirish boʻyicha kontraktatsiya shartnomasi tuzilgan boʻlib, shartnoma rejasi 1796 tonnaga yoki 73,0 foizga bajarilgan.
“Doʻstlik” hududidagi 52 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan paxta yetishtirish boʻyicha shartnoma rejalari bajarilmasdan rejaga nisbatan 657 tonna paxta kam yetishtirilib, buning hisobiga 454 million soʻmdan ortiq imtiyozli kredit mablagʻlari qoplanmasdan qolgan.
“Doʻstlik” hududini 3 yillik koʻrsatkichlari tahlil qilinganida, 2018 yilda 1191 gektarga 3191 tonnaga shartnoma tuzilib, amalda 1250 tonna paxta topshirilib, 41,1 foizga, 2019 yilda 1174 gektarga 2419 tonnaga paxta shartnomasi tuzilib, amalda 1281 tonna paxta topshirilib, shartnomaviy reja 53,0 foizga bajarilgan, xolos.
Bundan tashqari, Mirishkor tumanini asosiy qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashtirilganligi ayniqsa paxta va gʻalla yetishtirilishi va bundan keladigan daromad hisobiga tuman iqtisodini koʻtarilishini inobatga olib, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonun bilan tasdiqlangan ustav kapitalini shakllantirmasdan, iqtisodiy nochor va rentabillik darajasi koʻrsatkichi past holatda faoliyat koʻrsatayotgan bir qator fermer xoʻjaliklari faoliyati tugatilib, tumandagi “Doʻstlik”, “Amir Temur” va “Sulaymon Murodov” massividagi fermer xoʻjaliklarining yer maydonlari “MIRISHKOR TEKSTIL GROUP CLUSTER” MCHJga ajratib berilgan.
Mazkur ishlar natijasi oʻlaroq, qisqa vaqt oraligʻida agrar sohada “MIRISHKOR TEKSTIL GROUP CLUSTER” MCHJ paxtachilik klasteri tomonidan inqilobiy islohotlar amalga oshirildi.
Jumladan, mazkur hududlarda foydalanishdan chiqqan sugʻoriladigan yer maydonlarini sugʻorish tizimini yaxshilash maqsadida 5 km lotok tizimi, 6 km elektr tarmoqlari, 3 ta, (500 m/s.), 100 dan ortiq (200 m/s.) suv nasoslari oʻrnatildi.
Shuningdek, “Doʻstlik” hududida mazkur klaster tomonidan 1000 gektar maydonga 24 mlrd. soʻm mablagʻlar hisobiga suv tejovchi texnologiyalar joriy etilib, tomchilatib sugʻorish orqali innovatsion usulda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish yoʻlga qoʻyildi.
Suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanishdagi ishlarning davomi sifatida 2022 yilda “Doʻstlik” hududida yana 1006 gektar maydonda 25 mlrd. 150 mln. soʻm mablagʻlar hisobiga tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha quruvchi-pudrat tashkilotlari bilan shartnomalar imzolangan.
Shu bilan birga, paxtachilik sohasida yuqori hosildorlikka erishish uchun 45 dona “MTZ-80” chopiq traktori kultivatori bilan birga, 30 dona OVX-600 purkagichi, 10 dona yuqori unumli haydov texnikasi, Turkiya texnologiyasi asosida yaratilgan 5 dona zamonaviy yuqori unumli kultivator, 2 dona lazerli tekislagich, 10 dona zamonaviy pnevmatik chigit ekish seyalkasi, 10 dona “KEYS” paxta terish mashinasi, 1 dona ekskavator, 1 dona yuk koʻtargich va boshqa qishloq xoʻjalik agrotexnikasida ishlatiladigan agregatlar olib kelindi.
Bundan tashqari, “MIRISHKOR TEKSTIL GROUP CLUSTER” MCHJ paxtachilik klasteri tomonidan oʻziga ajratilgan hududlarda qishloq xoʻjaligi sohasida doimiy band boʻlgan 680 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Tumandagi Yangi Mirishkor shaharchasida mazkur paxta toʻqimachilik klasteri tomonidan sanoat tarmoqlarini kengaytirish maqsadida 500 oʻrinli tikuv-trikotaj korxonasi ishga tushirildi.
Yana bir misol sifatida, kelgusi 2022 yilda chorvachilik sohasini rivojlantirish maqsadida 1000 boshga moʻljallangan qoramolchilik kompleksi barpo etilib, chetdan goʻsht va sut yoʻnalishidagi naslli qoramol zotlari olib kelinadi hamda chorva kompleksida 50 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, qishloq xoʻjaligi sohasida past rentabelli moliyaviy koʻrsatkichlar bilan faoliyat koʻrsatayotgan fermer xoʻjaliklari yer maydonlarini maqbullashtirish orqali innovatsion texnologiyalar asosida agrotexnik tadbirlarni joriy eta oladigan qishloq xoʻjalik subʼektlariga (sh.j klasterlarga) bosqichma-bosqich ajratib berishni davrni oʻzi ham taqozo etmoqda.
«NasafNews» sayti orqali murojaat qilgan fuqarolar bilan tuman hokimligida «Mirishkor textile group» rahbariyati ishtirokida suhbat boʻlib oʻtdi. Suhbat davomida «Mirishkor textile group» MCHJga qarashli «Do‘stlik» hududidan murojaatchilarga fyuchers shartnomasi asosida qishloq xoʻjaligi ekinlari uchun bir yil muddatga yer ajratiladigan boʻldi.