Ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan video lavha boʻyicha munosabat.

Eʼlon qilingan video lavhada fuqaro D.Abdullayeva unga nisbatan soliq organlari tomonidan 56,0 gektar yer maydoniga soliq qarzdorligi hisoblanganini bildirgan.

Biroq, Mirishkor tumani “Oltin boshoq” mahallasi hududida Mirishkor tuman hokimining 2019 yil 03 iyuldagi X-2417/07-sonli qaroriga asosan “Sahro fayz chamani” masʼuliyati cheklangan jamiyatga Oltin Boshoq massivi qishloq xoʻjalik xaritasining 497q (yangi 3352q)-konturidan jami 5,0 gektar yer maydoni 25 yil muddatga ijaraga berilgan va 2021 yil 20 avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29-dekabrdagi 1060-sonli qaroriga asosan ushbu 5,0 gektar yer maydoni jamiyat nomiga davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan va soliq organlariga yuborilgan.

Sahro fayz chamani” masʼuliyati cheklangan jamiyat tuman hokimligi ixtiyoridagi zaxira maydonida boʻlgan 497q (yangi 3352q)-konturdagi 6,0 gektar maydonni oʻzboshimchalik bilan foydalanib kelgan.

Aholi bandligi taʼminlash Davlat siyosatining ustuvor maqsadi hisoblanib, bu borada qator islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi PQ-20-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida “Oltin Boshoq” massivi qishloq xoʻjalik xaritasidagi 497q (yangi 3352q) konturdagi 6,0 gektar yer maydoni viloyat hokimining 2021 yil 8-dekabrdagi 678-4-0-Q/21-sonli qaroriga asosan davlat mulki sifatida tuman hokimligi nomiga davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan va dehqon xoʻjaligi tashkil qilish uchun 12 ta lotlarga ajratilib, ye-auksion savdo maydonchasiga tanlovga chiqarilgan.

Biroq, shu kunga qadar “Sahro fayz chamani” MCHJ ushbu yer maydonidan oʻzboshimchalik bilan foydalanib, tanlov gʻoliblariga yer maydonidan faoliyat yuritishiga toʻsqinlik qilib kelayotganligi uchun Kadastr agentligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi Mirishkor tuman boʻlimi tomonidan Kasbi tumanlararo iqtisodiy sudi “Sahro fayz chamani” masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan oʻzboshimchalik bilan egallab olingan 6,0 gektar yer maydonidan majburiy tartibda chiqarish toʻgʻrisida daʼvo arizasi kiritilgan.

Kasbi tumanlararo iqtisodiy sudining 2022 yil 26 dekabrdagi hal qiluv qaroriga asosan, “Sahro fayz chamani” MCHJ Mirishkor tuman Oltin Boshoq MFY qishloq xoʻjalik xaritasining 497q (yangi 3352q)-konturidagi 6,0 gektar yer maydonidan majburiy tartibda chiqarish belgilangan.

Fuqaro D.Abdullayevaning ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirayotgan fikrlari noqonuniy maqsadlariga erishish yoʻlida qilinganligi kundek ravshan.

Mirishkor tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar “Sahro fayz chamani” MCHJning tuman hokimligi qaroriga asosan ijaraga berilgan 5,0 gektar yer maydoniga faoliyat yuritishiga hech qanday toʻsqinlik qilmasligi, aksincha qoʻllab-quvvatlaydi.

Shu oʻrinda, ayrim jurnalist va blogerlardan bir tomonlama yondashuv orqali, kimningdir noqonuniy harakatlarini qoʻllab-quvvatlash, oqibatda koʻplab fuqarolarni bandligini taʼminlash maqsadida olib borilayotgan, tub zamirida inson qadrini ulugʻlash kabi ezgu maqsad yotgan Davlat siyosatiga nisbatan salbiy fikrlar uygʻonishiga sababchi boʻlmasliklarini soʻraymiz.

Maʼlumot oʻrnida, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunning 121-moddasi 2-qismiga muvofiq veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan, bloger hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot joylashtiriladigan internet jahon axborot tarmogʻidagi oʻz veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborotni joylashtirishdan avval uning toʻgʻriligini tekshirishi, shuningdek, joylashtirilgan axborotning notoʻgʻriligi aniqlangan taqdirda uni darhol oʻchirib tashlashi shart.

Shuningdek, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunning 6-moddasida jurnalistning majburiyatlari belgilangan boʻlib, oʻz kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chogʻida jurnalist oʻzi tayyorlayotgan materiallarning toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi shartligi koʻrsatib oʻtilgan.

Yolgʻon xabar tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanganligini eslatib oʻtamiz.