Mirishkor tumani Pomuq hududidagi Alang qishlogʻida yashovchi bir guruh fuqarolar Shonapasov Roʻzimurod, Haydarov Pirim va boshqalar oʻrtasida yaylov yer maydoni boʻyicha tomonlar oʻrtasida yuzaga kelgan
nizoli vaziyat yuzasidan tezkor

MAʼLUMOT:

Mirishkor tumani Pomuq hududidagi Alang qishlogʻida yashovchi bir guruh fuqarolar Shonapasov Roʻzimurod, Haydarov Pirim va boshqalar oʻrtasida yaylov chorvachiligi boʻyicha ajratilgan yer maydoni boʻyicha nizoli vaziyat atroflicha oʻrganib chiqildi.
Aniqlanishicha, Pomuq qishlogʻida yashovchi fuqaro R.Shonapasov Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga qarashli Davlat xizmatlari markazida 2019 yil 11 iyulda 742497-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan “Pomuq Jasuri” MCHJga rahbarlik qilishi, unga 2019 yil 12 avgustda Mirishkor tumani hokimining №X-2567/08-sonli qarori asosida tumanda mavjud boʻlgan zahira yer fondidan “Pomuq Jasuri” MCHJ hisobiga qorakoʻlchilik yoʻnalishida yer maydoni ajratib berilgan.
Ushbu yer maydoni Pomuq massivi qishloq xoʻjaligi xaritasining 1199, 1101, 1102q, 1105, 1106q, 1109, konturlarida joylashgan boʻlib, jami 634.0 gektarni tashkil qiladi, shundan 632.0 gektar yaylov yeri, 2.0 gektar yoʻl osti yer maydonlari 30 yil muddatga ijaraga berilgan.
Eʼtiborli tomoni shundaki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 sentyabrdagi №PF-6059-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida pillachilik va qorakoʻlchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, joylarda tashkil etilgan klasterlarga yaylovlardan samarali foydalanish, ularning holati yomonlashib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, ilmiy va innovatsion yondashuvlarni qoʻllagan holda mayda shoxli nasldor mollarni koʻpaytirish, klaster ishtirokchilari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish orqali xomashyoni chuqur qayta ishlashni va mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish kabi bir qator majburiyatlar yuklatilgan.
Mirishkor tumanidagi yer fondida mavjud boʻlgan 211,0 ming gektar yaylov yer maydonlari yangi tashkil etilgan klasterlar orqali realizatsiya qilinishi inobatga olinib, toʻligʻicha doimiy tasarruf etish huquqi bilan mazkur qoʻmita balansiga oʻtkazib berildi.
Shu maqsadda, “Oʻzbekiston” qorakoʻlchilik MCHJ hududidan 141,0 ming gektar yaylov yer maydoni “Muborak” qorakoʻlchilik klasteriga va 70,0 ming gektar yaylov yer maydoni “Mirishkor” qorakoʻlchilik klaster MCHJlariga uzoq muddatli ikkilamchi ijara shartnoma asosida foydalanish huquqi bilan berilgan.
Shu oʻrinda, “Pomuq Jasuri” MCHJ va “Muborak” qorakoʻlchilik klasteri oʻrtasida 2020 yil 22 oktyabrda №26-sonli 49 yil muddatga ikkilamchi ijara shartnomasi tuzilib, klaster korxonasiga yaylovdan foydalanish uchun 3 mln. 737 ming 117 sum ijara toʻlovlari ijarachi tomonidan toʻlab berilgan.
Pomuq qishlogʻida yashovchi Haydarov Pirim va boshqa bir guruh fuqarolar tomonidan “Pomuq Jasuri” MCHJga tegishli yaylov yer maydonlari noqonuniy ravishda oʻzboshimchalik bilan egallab olinganligi uchun, mazkur fermer xoʻjaligi tomonidan fuqarolik ishlari boʻyicha Kasbi tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritilib, 2020 yil 11 dekabr kuni sud daʼvogar “Pomuq Jasuri” MCHJning daʼvosini qanoatlantirib, javobgarlar Haydarov Pirimqul Farmonovich va Djumayev Italmaz Komekovichlarga nisbatan mazkur MCHJga tegishli yer maydonidan ularni majburiy tartibda chiqarish boʻyicha qonuniy qaror qabul qilgan.
Biroq, sud qarori majburiyligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi majburiy ijro byurosi tomonidan ijro ishini bajarishga toʻsqinlik qilib, sud qarorini mensimasdan yuqorida nomlari ketirilgan bir guruh fuqarolar qarshilik harakatlarini takroran sodir etib kelishmoqda.
Mazkur fuqarolarga bir necha marotaba vakolatli organlar tomonidan harakatlari sud qaroriga muvofiq kelmasligi, yaylov yer maydonlariga qonuniy egalik qilishini tasdiqlovchi huquqiy hujjatlari yoʻqligi tushuntirilishiga qaramasdan, qonunbuzilish holatlarini takroran sodir etib kelishmoqda.
Mazkur fuqarolarga qonuniy tartibdagi tushuntirishlardan qanoatlanmagan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 445-sonli qonunning 32-moddasi tegishli bandiga muvofiq, yuqori turuvchi davlat organlariga murojaat qilish huquqlari borligi eslatib oʻtildi.


Mirishkor tuman hokimligi.