Majburiy ijro byurosi Mirishkor tuman bo‘limi ish yurituvida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Koson tumanlararo sudining 2017 yilning 11 iyul kunidagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor Q.Q.dan undiruvchi N.M.ning foydasiga bir nafar farzandining taʼminoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati mavjud.

Ushbu ijro hujjati yuzasidan qarzdor aliment pullarini kam miqdorda to‘lab kelayotgan edi.

Bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan qarzdorning mol-mulklarini aniqlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilgan va olingan maʼlumotlarga asosan Q.Q.ning nomidagi avtotransport vositasiga qidiruv eʼlon qilingan.

Shuningdek, bo‘lim xodimlari tomonidan doimiy daromadi bo‘lmagan, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash naqadar muhim ekanligini inobatga olgan holda qarzdor bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, farzandini moddiy qo‘llab-quvvatlash har bir otaning burchi ekanligi tushuntirildi.

Qarzdorga tegishli avtotransport vositasi qidiruv tadbirlari natijasida topilganidan so‘ng, o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan holda avtotransport vositasini sotib, farzandi voyaga yetgunga qadar hisoblangan 38 mln. so‘m aliment pullarini oldindan to‘liq to‘lab berdi.