“Oʻzagroinspeksiya”ning Mirishkor tuman boʻlimi tomonidan 2023 yil hosili uchun 20 ming 750 gektar yer maydoniga kuzgi boshoqli don ekinlari ekilishi va boshqa agrotexnik tadbirlar yuzasidan doimiy ravishda monitoring oʻrnatilgan.

Mirishkorlik dehqonlar 2023 yil hosili uchun 20 ming 750 gektar, shundan 7 ming 772 gektar ochiq yer maydoni, 12 ming 978 gektar gʻoʻza qator orasiga kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish yuzasidan mehnat qilishmoqda.

Inspeksiyaning tuman boʻlimi sohaviy inspektorlari tomonidan kuzgi boshoqli don ekinlarini optimal muddatlarda, agrotexnik talablarga rioya etilgan holda ekilishi yuzasidan kunlik monitoring oʻrnatilgan.
2022 yilning 28 oktyabr holatiga koʻra, tumanda jami yer maydonining 87 foizi yoki 17 ming 250 gektardan ortiq yerga gʻalla ekildi. Bir kunda oʻrtacha 507 gektar yer maydoniga kuzgi boshoqli don ekinlari ekilayotgan boʻlib, 12 ming gektarga yaqin gʻalla ekinlari sugʻorilmoqda. Shuningdek, 1 ming 456 gektar yer maydoniga chorva mollari ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida gʻalla ekilmoqda.

Kuzgi boshoqli don ekinlarini oʻz vaqtida, belgilangan agrotexnik talablarga qatʼiy rioya etgan holda ekilishida qishloq xoʻjaligi texnikalaridan unumli foydalanishning ahamiyati katta.
Shu maqsadda, mavsum davomida gʻalla maydonlarini ekishga sifatli tayyorlash, moʻl hosil yetishtirishning dastlabki omillaridan sanaladi. Mavsumda 68 dona haydov traktorlari bilan gʻalla ekish uchun moʻljallangan yer maydonlari shudgorlanib, taxt holatga keltirildi. Ayni kunlarda 22 ta gʻalla ekish seyalkalaridan unumli foydalanilmoqda.

Shuningdek, “Oʻzagroinspeksiya”ning tuman boʻlimining sohaviy inspektorlari tomonidan urugʻlik gʻallani mineral va fosforli oʻgʻitlar bilan ekilishi nazoratga olingan,
Koʻpni koʻrgan, tajribali dehqonlarimiz bejizga erta ekkan-erta oʻradi deyishmagan. Kuzgi boshoqli don ekinlarining oʻz vaqtida va sifatli ekilishi aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda muhim omillaridan biri sanaladi. Demak, ertangi farovon turmush uchun bugundan puxta zamin hozirlanmoqda.

Murodullo Choriyev,
“Oʻzagroinspeksiya”ning Mirishkor tuman boʻlimi inspektori