
Mirishkor tumani hokimi Fayzullo G‘ulomov, tuman prokurori Sardor Nazarov va IIB boshlig‘i podpolkovnik Musurmon Bo‘riyevlar rahbarligida mahalla profilaktika inspektorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Maʼlumki, Prezidentimizning 2021 yil 26 martda qabul qilingan “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida mahallalarning har birida kamida bir nafardan profilaktika inspektori faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, Mirishkor tumanida ham 40 nafar profilaktika inspektorlari (hozirgi vaqtda 35 nafar, 5 ta vakant) mahalla beshligi tarkibida faoliyat yuritib, ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli bajarish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, fuqarolarning xavfsizligi va osoyishtaligini taʼminlash borasida samarali mehnat qilib kelishmoqda.

Hokimlik yig‘ilishlar zalida o‘tgan uchrashuvda tuman hokimi dastlab tartib-intizom, qonunlarga hurmat, aholining osoyishtaligi, eng avvalo, mahallada to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi zarurligi, jinoyatchilikni mahallalarda jilovlash, profilaktika inspektorining ishini yengillashtirish bilan birga ish natijadorligini oshishiga xizmat qilishi haqida taʼkidladi.
Uchrashuvda 20 dan ortiq profilaktika inspektorlari uchun bevosita ular xizmatni o‘taydigan hududlarda xizmat uy-joylari bilan taʼminlanganligi, ish samaradorligi bo‘yicha rag‘batlantirilib kelinayotganligi qayd etildi.
Shundan so‘ng, hokim profilaktika inspektorlari bilan birma-bir suhbatlashib, ularda mavjud muammolarni o‘ziga qayd etib, ushbu muammolarni bartaraf etishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalarni birma-bir muhokama qilib, masʼullarga muddatlari aniq belgilangan manzilli topshiriqlar berdi.

Tadbir so‘ngida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 29-noyabrdagi PF-27-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida “Qurama” mahallasida 5 mahalla aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi Mirishkor tumanidagi ikkinchi huquq tartibot maskani foydalanishga topshirilgani ham taʼkidlandi.

Bunga qadar, viloyatda ilk bor “Mirishkor” mahallasida 3 ta mahalladagi 11,4 ming aholiga xizmat qiluvchi, onlayn sud majlislari o‘tkaziladigan xona, videokonferensaloqa seansini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan qurilmalar bilan taʼminlangan yig‘ilish zali, profilaktika inspektori xonasi, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor hamda voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog, milliy gvardiya, jamoatchilik vakillariga mo‘ljallangan xonalarni o‘z ichiga olgan maskan tashkil etilgan bo‘lib, “Mirishkor tajribasi” (“Postda” gazetasi 30-son) sifatida eʼtirof etilgandi.