Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda oʻz hissasini qoʻshayotgan ATB «Agrobank» Mirishkor filiali tashabbusi bilan tuman markazida agrar sohada barcha zarur xizmatlarni jamlab, sohadagi jarayonlarni yanada moslashuvchan holga keltiruvchi «Agromarkaz» servislar xizmati yoʻlga qoʻyildi.

«Mirishkor super nihol» MCHJ tomonidan ishga tushirilgan mazkur markazning umumiy qiymati 2 mlrd. soʻm boʻlib, 800 mln soʻm bank krediti hisobiga toʻgʻri keladi.

Erta tongdan nuroniylar duosi bilan markazning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda tuman hokimligi, bank va qishloq xoʻjaligi vakillari hamda yoshi ulugʻ oqsoqollar ishtirok etishdi.

Markazda yer unumdorligini oshiruvchi oziq moddalari, oʻsimliklarni turli hasharotlardan himoya qilish va ularni zarur mahsulotlar bilan taʼminlash, maxsus texnikalar, sohada qoʻllaniladigan jihozlar va ehtiyot qismlar savdosi ham yoʻlga qoʻyildi.