Mirishor tumani hokimligi majlislar zalida Mirishkor tumani prokurori — huquqni muhofaza qiluvchi idoralarining Muvofiqlashtiruvchi Kengashi raisi Sardor Nazarov rahbarligida hududda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi 6 oylik faoliyat tanqidiy muhokama qilindi.

Tadbirda Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Sh. Faxriddinov, tuman hokimligi, prokuratura, IIB, DSI, Mudofa ishlari bo‘limi, MIB, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, FVB, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi, Oila va xotin-qizlar bo‘limi, Yoshlar ishlari bo‘limi, Madaniyat va turizm bo‘limi xodimlari hamda mahalla beshliklari ishtirok etishdi.

Dastlab, tuman prokurori tadbirni ochib, o‘z maruzasida 2023-yilning 6 oyida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida jami 61 ta tekshirish va tahlillar o‘tkazilib, bu jarayonlar davomida jami qonunbuzilishlar yuzasidan — 589 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilib, qo‘pol qonunbuzilishlari yuzasidan 17 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va sudlarga 698 mln. 264 ming so‘mlik 117 ta arizalar kiritilib, jami 675 mln. 48 ming so‘mlik zararlar ixtiyoriy undirilishi, 495 nafar shaxs, shundan 84 nafar yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklashga erishilganini ma’lum qildi.

Prokuror bank kreditlari bilan bog‘liq jinoyatlarga to‘xtalib, qonun ustuvor, jazo muqarrar ekanligiga alohida urg‘u berdi.

Tumandagi bank xodimlari, ta’minotchi va kredit oluvchilar tomonidan 2 mlrd so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari talon-taroj qilib yuborilgan. Aniqlangan holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, mablag‘lar to‘liq undirilgan. Aybdorlarga nisbatan jazo muqarrar ekanligi ta’minlangan”, deydi Sardor Nazarov.

Shundan so‘ng, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa idoralar faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bo‘yicha mas’ullarning tushuntirishi tinglandi.

Xususan, IIB faoliyatiga oid axborotga podpolkovnik Musurmon Bo‘riyev munosabat bildirib, qo‘shimcha axborot berdi.

Soha xodimlari tomonidan erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda kamchilik va xatolar ham uchrab turibdi. Nafaqat kamchiliklar, ayrim xodimlarning o‘z vazifasiga loqaydlik qilishi, yetarli darajada xizmatini bajarmayotgani bor gap”, — Musurmon Bo‘riyev.

IIB boshlig‘i kamchilik va xatolarga yo‘l qo‘yayotgan xodimlarni birma-bir sanab, xizmat tekshiruvi tayinlanishini bildirdi.

Shuningdek, M. Bo‘riyevning qo‘shimcha qilishicha, boshqa sohadagi jinoyatlar -8,3 % ga kamaygan.

Shuningdek, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Z.Mamanzarova, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i M. Mavlonov va Yoshlar ishlari bo‘limi boshlig‘i M.Boymurodovlar o‘z sohasiga oid tanqidiy hamda tahliliy axborotlarga izoh berib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, xodimlar tomonidan lozim darajada bajarilmagan ishlar natijasida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z rejalarini ma’lum qilishdi.

Tadbir so‘nggida mahalla beshligi va mas’ul idoralarning huquqbuzarliklarni oldini olish, yoshlar tarbiyasiga befarq bo‘lmaslik, shuningdek, muhojirlarning oila a’zolari va yaqinlari holidan xabardor bo‘lish, ona va bola salomatligini ta’minlashdagi va boshqa muhim vazifalardagi javobgarligi alohida ta’kidlandi.