O’zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan Mirishkor tuman hokimi Fayzullo Gʻulomovning tuman ahliga bayram tabrigi.

Assalomu alaykum, qadrli tumandoshlar, aziz yurtdoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali tumanimiz ahlini eng ulug’, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik sanasining 32 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman!

Xalqimiz uchun yangi davr, erkin va ozod hayotni boshlab bergan ushbu qutlug’ sana har bir inson, har bir oila hayotida o’z o’rniga ega. Shu bois ham bu ayyomni har birimiz o’zgacha ko’tarinkilik va mamnunlik bilan kutib olamiz.

Eʻtiborli jihati, bu yilgi bayram muhtaram yurtboshimiz tashabbusi bilan “Yangi hayot uchun, Yangi O’zbekiston uchun!”, “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak uchun poydevor”, degan ezgu g’oya asosida nishonlanishi zamirida har bir kishining Vatanimizga bo’lgan yuksak mehri va cheksiz faxru iftixori mujassamdir.

Ko’p millatli xalqimiz shu kunlarda Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, maʻnaviy-maʻrifiy hayotida butunlay yangi davrni boshlab bergan unutilmas tarixiy voqea – O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o’ttiz ikki yillik sanasini butun mamlakatimiz aholisi singari tumanimiz ahli ham baland ruh va ko’tarinki kayfiyat bilan nishonlamoqda.

Aziz mirishkorlikar!

Agar buni birgina tumanimiz misolida olib ko’radigan bo’lsak, so’nggi yillarda qishloq va mahallalarning yangi, obod va yanada ko’rkam qiyofasini yaratish, xalqimiz farovonligini oshirish maqsadida qishloq va mahallalarning meʻmoriy qiyofasi tubdan yangilanmoqda.

Ularda yo’l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obʻektlarida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Mirishkor tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha ishlab chiqilgan investisiya dasturiga asosan joriy yilda 13 mlrd. so’m miqdoridagi mablag’ hisobiga 2 ta obʻektda qurilish-taʻmirlash ishlari amalga oshirildi, jumladan, aholi farovonligini oshirish maqsadida 90 kilometr ichki yo’llar va ko’chalar taʻmirlanib, shundan 67 km asfalt, 23 km ichki yo’llarga shag’al yotkizildi. 3 ta aholi punktida ichimlik suvi taʻminotini yaxshilash maqsadida 18,8 kilometr suv tarmoqlari tortildi.

Joriy yil boshidan tuman bo’yicha 21 km havo tarmoqlari tortilib, 4 dona yangi transformatorlar o’rnatildi. Shuningdek, shu yilni o’zida 3 ta 60 xonadonga mo’ljallangan ko’p qavatli aholi turar joylari qurilib, foydalanishga topshirildi. O’nlab bo’sh turgan obʻekt va er maydonlarining aksariyati ishlab chiqarishga jalb etilishi natijasida 4 mingga yaqin yangi ish o’rinlari yaratildi.

Qadrli tumandoshlar!

Tumanda joriy yilning o’tgan davri mobaynida 1168 ta oilaga 27,4 mlrd. so’m oilaviy tadbirkorlik yo’nalishida kredit mablag’lari ajratildi. Shu loyihalarni amalga oshirilishi hisobiga 8671 ta fuqaroni doimiy ish bilan bandligi taʻminlandi.

Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbuslari bilan joriy etilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan hamda ko’makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga beg’araz yordam berish bilan bog’liq xayriya tadbirlari ham tumanimizda ko’tarinki ruhda o’tkazib kelinmoqda.

Istiqlolning 32 yilligi arafasida joylardagi 400 ga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand oilalarning farzandlariga tuman hokimligi va saxovatpesha homiylar tomonidan maktab formalari va o’quv qurollari olib berildi.

2023 yilning 30 iyun holatida tumanda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning 2963 nafari (91,5%)ga ko’maklashildi.

Shundan, 1116 nafari ishsiz ehtiyojmand xotin-qizlar bo’lib, 1084 nafarining bandligi taʻminlangan bo’lsa, tadbirkorlik qilish istagida bo’lgan 177 nafar xotin-qizlarga “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo’lib ularning 177 nafarga 5,3 mlrd. so’m imtiyozli kreditlar ajratildi.

Moddiy yordam ko’rsatilishi belgilangan jami 1855 nafar xotin-qizlardan 1647 nafariga 1,9 mlrd. so’m miqdorda bir martalik moddiy yordam pullari berildi.

Uy-joyi taʻmirlanishi belgilangan 142 nafar xotin-qizlarning 119 nafarini uy-joylari taʻmirlash ishlari yakuniga etkazilgan bo’lsa, qolgan 23 nafar xotin-qizlarning uy-joylari taʻmirlash ishlari davom ettirilmoqda.

Shu kunga qadar “Ayollar daftari” jamg’armasi hisobidan xotin-qizlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida 3,4 mlrd. so’m mablag’ ajratildi.

Azizlarim!

Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbuslari bilan yoshlarga oid davlat siyosati va ularni qo’llab-quvvatlash tizimi izchil takomillashib, hozirgi vaqtda o’z samarasini ko’rsatmoqda. Bugungi kunda tumanimiz aholisi soni 127 mingdan ortgan bo’lsa, shuning qariyb 51 foizini yoki 61,4 ming nafarini yoshlar tashkil etadi.

Birgina sport sohasida birinchi yarim yillik yakuniga ko’ra, 37 nafar sportchi yoshlarimiz Jahon va mamlakat chempionatlarida faxrli o’rinlarni qo’lga kiritishgan. Jumladan, sportning “Usmonov kombat sistems” va “O’zbek jang sanʻati” turlari bo’yicha 2 nafar yoshlarimiz jahon chempionlari bo’lishgan bo’lsa, 4 nafari 2-o’rinni va 9 nafari faxrli 3-o’rinlarni qo’lga kiritishgan.

Joriy yilning o’tgan davri mobaynida tumanda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 1589 nafar yoshlarning 733 nafariga amaliy yordam ko’rsatilib, ularning ijtimoiy muammolari hal etilgan bo’lsa, ruyxatga olingan qolgan yoshlarni ijtimoiy himoyasi bo’yicha ham manzilli ishlar olib borilmoqda.

Shu kunga qadar “Yoshlar daftari” jamg’armasi hisobidan yoshlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida 733 nafar yoshlarga jami 1,9 mlrd. so’m mablag’ ajratildi.

Hurmatli tumandoshlar!

Aholi salomatligini saqlash sohasida tumanda qisqa muddatlarda jami 5 ta davolash-profilaktika muassasalarida qurilish, taʻmirlash hamda yangidan jihozlash ishlari bajarildi.

Tumanda aholi salomatligini tiklash va birinchi shoshilinch yordamni ko’rsatish maqsadida mavjud xirurgiya bo’limi to’liq transformasiya qilindi hamda xirurgik kasalliklarga yordam ko’rsatish maqsadida zamonaviy yangi tibbiy asbob-uskunalar bilan taʻminlandi.

Qadrli tumandoshlarim!

Bolani yoshligidan barkamol inson qilib tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo’nalishi etib belgilandi. Tumanimizda so’nggi to’rt yil ichida maktabgacha taʻlim tashkilotlari soni 17 tadan 164 taga, yaʻni 9 barobardan ko’proqqa oshirilgani fikrimiz tasdig’idir.

Tumanimizda 43 ta maktab mavjud bo’lib, o’zaro sog’lom raqobatni shakllantirish maqsadida 2 ta kasb-hunar maktabi o’z faoliyat yuritmoqda. Yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar natijasida bugun mirishkorlik o’quvchilar nafaqat respublika miqyosidagi, balki xalqaro doiradagi tanlov va festivallarda ham o’zini ko’rsatayapti, desak mubolag’a bo’lmaydi.

Taʻlim va tarbiyaning poydevori maktab bo’lsa, maktabni maktab qiladigan kuch — albatta o’qituvchilardir. Bugun tumanimiz maktablarida 2,0 mingga yaqin o’qituvchilar faoliyat yuritmoqdalar.

Qadrdonlarim!

Ushbu tantanali kun baxsh etayotgan quvonch ustiga yana bir quvonarli maʻlumotni Siz azizlar bilan bo’lishmoqchiman.

Taʻlim va taraqqiyot yo’lidagi odimlar, kelajak egalari kamoli uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ular zabt etayotgan muvaffaqiyatlarda yaqqol namoyon bo’lmoqda.

Joriy yil tumanimizdagi umumtaʻlim maktablari bitiruvchilarning 600 nafardan ortig’i oliy taʻlim muassasalariga talabalikka qabul qilindi.

Eng quvonarlisi shuki, tumanimizdagi umumiy o’rta taʻlim maktablari bitiruvchilari orasida respublikadagi nufuzli universitetlarga hujjat topshirib kirish testlarida eng yuqori natija ko’rsatgan bitiruvchilarimizning borligi taʻlim sifati ko’rsatkichi oshganligidan dalolat bermoqda.

Xususan, 20-umumiy o’rta taʻlim maktabining bitiruvchisi Ashurboev Alibek Alisher o’g’li Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga hujjat topshirib, kirish imtihonlaridagi eng yuqori 189,0 balni to’plab, davlat granti asosida talabalikka tavsiya qilindi.

Avvona mahallasidagi 20-umumiy o’rta taʻlim maktabining bitiruvchisi Qalandarova Ruxshona Bunyod qizi O’zbekiston davlat jahon tillari universitetiga kirish testlarida 184.8 ball to’plab, davlat granti asosida talabalikka tavsiya etildi.

Obodon mahallasidagi 21-umumiy o’rta taʻlim maktabining bitiruvchisi Sayfullaeva Dilnura Jamol qizi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universitetiga hujjat topshirib, kirish imtihonlarida 186,9 ball to’pladi va davlat granti asosida talabalikka tavsiya qilindi.

Davlatimiz rahbari taʻkidlaganidek, erkin va farovon hayotimizni, buyuk kelajagimizni faqat mustaqillik asosida qurishimiz, odamlarimiz, el-yurtimizni faqat mustaqil siyosat asosida rozi qilishimiz mumkin. Faqat mustaqillik bugungi va kelgusi avlodlar uchun misli ko’rilmagan imkoniyatlar ochib beradi.

Mehribon yurtdoshlarim!

Yana bir quvonarli tomoni shundaki, Mirishkor tumanini 2024 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo’yicha 4 ta (2 ta maktab, 2 ta maktabgacha taʻlim tashkiloti) ijtimoiy obʻektni kapital taʻmirlash uchun jami 25,7 mlrd. so’m respublika byudjeti mablag’lari ajratilishi Davlat dasturiga kiritildi.

Shuningdek, investisiya dasturlari doirasida 2024 yilda umumiy qiymati 79,8 mln AQSh dollari bo’lgan ip-kalava ishlab chiqarish, sutni qayta ishlash, yog’-moy ishlab chiqarish, kabel va transformator va quyosh panellari ishlab chiqarishga qaratilgan yirik 23 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 1000 dan ortiq doimiy yangi ish o’rinlari yaratilishi hisobiga tumanning eksport salohiyati ortadi.

Qadrli tumandoshlar!

Darhaqiqat, mustaqillik, istiqlol degan ulug’ saodat avvalo xalqimizga erkinlik va ozod hayotni bergan, insoniy shaʻnimiz, milliy ongimiz, qadr-qimmatimizni tiklab, barchamizga o’zligimizni anglash tuyg’usini, tilimiz, muqaddas dinimizni, qadriyat va urf-odatlarimizni qaytarib bergan, Vatanimiz tarixida hech narsa bilan qiyoslab bo’lmaydigan buyuk neʻmatdir.

Fursatdan foydalanib, Sizlarni, barcha-barchangizni mana shu eng ulug’ va eng aziz bayramimiz mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi bilan yana bir bor qizg’in muborakbod etaman.

Yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi va baxtu saodati yo’lidagi ezgu ishlaringizga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!

Yurtimiz tinch, yurtboshimiz omon, xalqimiz farovon, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz esa abadiy bo’lsin!

Gʻulomov Fayzullo Qurbonovich — Mirishkor tuman hokimi