Xitoyning Shandun provinsiyasidagi yirik sanoat shahri hisoblangan Zibo shahri TIB vakillari va tadbirkorlari bilan video muloqot boʻlib oʻtdi.

Dastlab, Zibo shahri Tashqi ishlar boshqarmasi boshligʻi Li Yang Ping bilan suhbatlashgan Mirishkor tumani rahbari Sherali Sanayev viloyatimiz va Mirishkor tumanining keng imkoniyatlari, tashqi savdo, eksport-import hajmi haqida maʼlumot berdi.

Shundan soʻng, Mirishkor tuman va Zibo shahri oʻrtasida ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarni oʻrnatish, tomonlarning salohiyatidan samarali foydalanish, teng huquqli va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini uzoq muddatga oʻrnatish borasida muzokaralar olib borildi.

Zibo sanoatning koʻmir, neft-kimyo, metallurgiya, transport mashinasozligi, toʻqimachilik, dori-darmon, qurilish materiallari ishlab chiqarish, shisha va elektr energiyasi tarmoqlarida dunyodagi rivojlangan markazlardan biri hisoblanadi.

Shuningdek, hududda yengil yuk mashinalari, mikroavtobuslar, pikaplar va elektromobillar ishlab chiqaruvchi «Sinopec Qilu Petrochemical», «Zibo Hengyi Chemical», «Tangjun Ouling Automobile» kompaniyalari joylashgan.

Uchrashuv soʻngida, tomonlar oʻrtasida ayni sohalar borasida doimiy videokonferensiya shaklda muloqot oʻtkazishga kelishib olindi.