Xalq deputatlari Mirishkor tuman Kengashi kotibiyati toʻgʻrisida namunaviy nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010 yil 30 dekabrdagi 154-II-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Xalq deputatlari Mirishkor tuman Kengashining namunaviy reglamenti asosida ishlab chiqilgan boʻlib, Xalq deputatlari Mirishkor tuman Kengashi kotibiyati (bundan buyon matnda Kotibiyat deb yuritiladi) faoliyatini tashkil etish tartibini, uning asosiy vazifalari va funksiyalarini belgilaydi.
2. Kotibiyat Xalq deputatlari Mirishkor tuman Kengashining (bundan buyon matnda mahalliy Kengash deb yuritiladi) doimiy faoliyat koʻrsatuvchi ishchi organi boʻlib, mahalliy Kengash, uning doimiy komissiyalari va deputatlar faoliyatini tashkiliy, texnikaviy va boshqa jihatdan taʼminlaydi.
Kotibiyat xodimlarining mehnatga oid munosabatlari mahalliy Kengashining vakolat muddatiga bogʻliq boʻlmaydi, bundan Kotibiyat mudiri mustasno.
3. Kotibiyat oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlariga, mahalliy kengashning qarorlariga va ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda yuritiladi.
5. Kotibiyat yuridik shaxs boʻlib, uning faoliyati tegishli mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtiriladi.
Kotibiyatning tuzilmasi, nizomi, shtatlar jadvali, uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash miqdori va moddiy-texnika taʼminoti, shuningdek ularni saqlash xarajatlari tegishli mahalliy Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Kotibiyat Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi va oʻz nomi tushirilgan muhriga hamda blankalariga ega boʻladi.
II. Kotibiyat faoliyatini tashkil etish, uning
vazifalari va funksiyalari
6. Kotibiyat oʻz faoliyatini mahalliy Kengash raisi hamda Kotibiyat mudiri rahbarligida amalga oshiradi.
Xalq deputatlari Mirishkor tuman Kengashi kotibiyati 3 nafar xodimdan iborat boʻladi.
7. Kotibiyat mudiri tegishli mahalliy Kengash deputatlari orasidan uning vakolati muddatiga tayinlanadi.
Kotibiyat xodimlari Kotibiyat mudiri tavsiyasiga asosan mahalliy Kengash qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
8. Kotibiyatning asosiy vazifalari va funksiyalari quyidagilardan iborat:
mahalliy Kengash faoliyatini axborot-tahliliy, huquqiy, tashkiliy va boshqa jihatlardan taʼminlash;
mahalliy Kengash, uning doimiy komissiyalarining nazorat sohasidagi vakolatlarini samarali amalga oshirishga koʻmaklashish;
mahalliy ijro hokimiyati, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa idoralar rahbarlari va mansabdor shaxslarining hisobotlari (axborotlari) eshituvini tashkil qilishga koʻmaklashish;
kelib tushgan hujjatlar asosida axborot, tahliliy va boshqa materiallarni tayyorlash;
mahalliy Kengash raisi va deputatlar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarni qabul qilish bilan bogʻliq ishlarni tashkil etish hamda murojaatlarning hisobini yuritish va ularni ijrosini nazorat qilish;
mahalliy Kengash deputatlari tomonidan yuborilgan deputat soʻrovlari va ularning natijalarini monitoring qilib borish;
mahalliy Kengash raisining topshiriqlari ijrosi ustidan nazorat olib borish;
mahalliy Kengash faoliyatiga oid tadbirlar toʻgʻrisidagi xabarlar tayyorlanishini va ommaviy axborot vositalarida chop etilishini, mahalliy Kengashning rasmiy veb-saytida joylashtirilishini tashkil etish;
mahalliy Kengash va uning doimiy komissiyalari muhokamasiga kiritiladigan masalalar yuzasidan materiallar va takliflar tayyorlanishiga koʻmaklashish;
mahalliy Kengash raisi topshirigʻiga binoan mahalliy Kengash vakolatiga taalluqli huquqiy masalalar yuzasidan xulosalar tayyorlanishini tashkil etish;
mahalliy Kengash va uning doimiy komissiyalari qarorlari loyihalarining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek yuridik texnika talablariga muvofiqligini koʻrib chiqish, mazkur hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, normativ-huquqiy tusga ega qarorlarning mahalliy Kengash muhokamasiga kiritilishdan oldin tegishli adliya organiga huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil qilish;
mahalliy Kengash doimiy komissiyalari seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarning tashkil etilishi va oʻtkazilishiga koʻmaklashish, ushbu tadbirlarga ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb qilish;
mahalliy Kengash sessiyalari ishiga va deputatlariga tashkiliy hamda axborot yoʻsinidagi xizmat koʻrsatilishini hamda mahalliy Kengash sessiyalari materiallari loyihalarining deputatlarga yetkazilishini taʼminlash;
mahalliy Kengash yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqishga koʻmaklashish, murojaatlarning hisobini yuritish hamda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlash, shuningdek ularni tegishli davlat organlariga va boshqa idoralarga yuborish, mazkur murojaatlarning koʻrib chiqilishini nazorat qilib borish;
mahalliy Kengashga kelib tushadigan hamda tashkilot va idoralarga yuboriladigan xat-hujjatlarning hisobini yuritish;
mahalliy Kengash faoliyati toʻgʻrisida har oy yakuni boʻyicha tahliliy axborot tayyorlash;
mahalliy Kengash va uning raisi, Kotibiyat mudirining topshiriqlariga muvofiq boshqa vazifalar va funksiyalarini amalga oshirish.
9. Kotibiyat mudiri:
Kotibiyat ishiga bevosita rahbarlik qiladi, Kotibiyat xodimlarining ishini tashkil qiladi hamda Kotibiyat zimmasiga yuklatilgan vazifalar oʻz vaqtida sifatli ijro etilishiga shaxsan javob beradi;
mahalliy Kengashning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi hamda Senat devonining tegishli boʻlinmasi bilan oʻzaro hamkorligini taʼminlaydi;
kiritilgan takliflar va hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqadi, ularning takomiliga yetkazilishini tashkil qiladi va tayyorlangan hujjatlar loyihalariga viza qoʻyadi;
tegishli hujjatlar qabul qilingandan keyin ularning bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni taʼminlaydi;
Kotibiyat xodimlari oʻrtasida vazifalar taqsimotini, shuningdek Kotibiyatning ish rejasi loyihasini ishlab chiqadi hamda mahalliy kengash muhokamasiga kiritish uchun mahalliy Kengash raisiga taqdim etiladi;
mahalliy Kengash, uning doimiy komissiyalari tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarni tashkil qiladi va ularda ishtirok etadi;
ish yuritish belgilangan tartibda olib borilishini taʼminlaydi, chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi;
tasdiqlangan tuzilmaga va shtatlar jadvaliga muvofiq Kotibiyat xodimlari lavozimiga nomzodlarni tavsiya etadi, kadrlar zaxirasini shakllantiradi;
Kotibiyat xodimlarining kasbiy darajasini va ish malakasini oshirish, ularni ragʻbatlantirish va ularga javobgarlik choralarini qoʻllash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi hamda mahalliy Kengash raisiga kiritiladi.
10. Kotibiyat xodimlari:
oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar oʻz vaqtida sifatli ijro etilishiga shaxsan javob beradi;
tegishli davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvchi organlari hududiy boʻlinmalari, boshqa idoralar tomonidan taqdim etiladigan takliflarni va hujjatlar loyihalarini har tomonlama puxta tahlil qiladi, ular boʻyicha tahliliy materiallarni va ekspert takliflarini tayyorlaydi, shuningdek ularni belgilangan tartibda kelishilishini taʼminlaydi;
tayyorlangan materiallar va hujjatlar loyihalari toʻgʻrisida Kotibiyat mudiriga axborot beradi;
qabul qilingan hujjatlar boʻyicha nazorat rejasini yoki tashkiliy chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Kotibiyat mudiriga kiritadi;
mahalliy Kengash tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va ularning qoʻmitalari, komissiyalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari, shuningdek mahalliy Kengash qarorlarining ijro etilishini tahlil qiladi;
mahalliy Kengash tomonidan oʻtkaziladigan majlislarda, oʻziga biriktirilgan masalalar boʻyicha doimiy komissiyalar majlislarida belgilangan tartibda ishtirok etadi;
siyosiy partiyalar deputatlik guruhlari tomonidan mahalliy Kengash sessiyasiga kiritiladigan masalalarni Kotibiyat mudiriga taqdim etib boradi;
mahalliy Kengash doimiy komissiyalari yigʻilishlarini tashkillashtiradi;
mahalliy Kengash va Kotibiyat mudirining topshiriqlariga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshiradi;
III. Yakunlovchi qoidalar
11. Kotibiyat toʻgʻrisidagi nizomni qabul qilish, unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish masalalari yuzasidan qarorlar mahalliy Kengash sessiyasida deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
12. Kotibiyat toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi takliflar mahalliy Kengash doimiy komissiyalari, deputatlar guruhlari, partiya guruhlari, mahalliy Kengash deputatlari tomonidan kiritilishi mumkin.
Пн | Вт | Ср | Чт | Пт | Сб | Вс |
---|---|---|---|---|---|---|
1 | 2 | 3 | ||||
4 | 5 | 6 | 7 | 8 | 9 | 10 |
11 | 12 | 13 | 14 | 15 | 16 | 17 |
18 | 19 | 20 | 21 | 22 | 23 | 24 |
25 | 26 | 27 | 28 | 29 | 30 | 31 |
Ma’lumotlardan foydalanilganda
www.mirishkorpress.uz ga havola ko‘rsatilishi shart
© 2021 Qashqadaryo viloyati Mirishkor tuman hokimligining rasmiy veb-sayti
Barcha huquqlar himoyalangan
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing