Mirishkor tumani Jeynov shaharchasida tuman ichki ishlar bo’limi boshlig‘i Musurmon Bo‘riyev rahbarligida qasddan shikast yetkazish bilan bog‘liq sodir bo‘lgan jinoyat muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Muhokamada mahalla faollari va keng jamoatchilik ishtirok etishdi. O‘tkazilgan muhokama yig‘ilishi davomida axborot beruvchi jinoyat tafsilotlari haqida to‘xtaldi, ushbu hodisaning sodir etilish sabab va omillari keng jamoatchilikka yetkazildi.

Unga ko’ra, joriy yilning 6-yanvar kuni “Oltin boshoq” mahallasida yashovchi fuqaro turmush o’rtog’i va farzandlarini izlash chog’ida, ularni uyida saqalashda ayblab, qo’shnisi bilan janjallashadi. Natijada fuqaro qo’shnisining ko’krak ustki sohasiga oshxona pichog’i bilan tan jarohatini yetkazadi. Ayni vaqtda unga nisbatan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo’zg’atilgan.

Shuningdek, muhokama davomida elektron o’g’irlik va yo’l harakati qoidalarini buzilishi bilan bog’liq holatlar haqida ma’lumot berildi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan bu kabi jinoyatlarni oldini olishda mahalla va jamoatchilik bir bo‘lib aholi orasida tushuntirish ishlarini olib borish lozimligi taʼkidlandi.