Davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha Prezidentning 10.12.2021 yildagi PQ-43-sonli qaroriga asosan prokuratura qurilish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat o‘rnatishi belgilandi.

Shunga asosan, hududlarda prokurorlar rahbarligida qurilish sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish, narxlarini asossiz oshirish, raqobatni buzish, tasdiqlangan loyihalarni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ymaslik ustidan qatʼiy nazorat o‘rnatish maqsadida shtablar tashkil etildi.

Bugun, viloyat prokurori o‘rinbosari Otabek Qo‘ldoshev, Mirishkor tumani hokimi Fayzullo G‘ulomov va tuman prokurori Sardor Nazarovlar rahbarligida qurilish sohasiga oid tanqidiy va tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbirda qurilish va kommunal soha tashkilotlari boshliqlari, ijtimoiy hamda iqtisodiy soha idoralarining qurilish masalalari bo‘yicha masʼul xodimlari, quruvchi va nazorat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.

Dastlab, tumanda joriy yil boshidan amalga oshirilgan va jarayondagi qurilish ishlari va aniqlagan holatlar hamda ayrim hollarda qurilish-taʼmirlash ishlarining o‘z vaqtida bajarilmayotgani bo‘yicha axborot berildi.

Xususan, “Guliston” qishlog‘idagi 27-sonli oilaviy shifokorlik punktiga qarashli “Ko‘hna fazli” filiali binosini rekonstruksiya qilish ishlari joriy yilning iyun oyida boshlangan bo‘lsada, hozirgi vaqtga qadar 38 foiz qurilish ishlar amalga oshirilgan.

Shuningdek, 3,8 mlrd so‘m mablag‘ evaziga “Yangi obod” mahallasida ichim suvi tarmoqlarini qurish ishlari iyun oyida boshlanib, hozirga qadar 48 foiz, 2,9 mlrd so‘mli “Jeynov” qishlog‘iga kirish qismidagi ko‘prikni taʼmirlash ishlari ham iyun oyida boshlanib, ayni vaqtgacha 28 foiz qurilish ishlari bajarilgani qayd etildi.

Shundan so‘ng, tuman hokimi Fayzullo G‘ulomov so‘z olib, taʼmirlash va qurilish ishlari bajarilgan bo‘lsada, bino hamda inshootlarning holati qoniqarsiz ekanligini taʼkidladi.

Xalqda haqli eʼtiroz paydo bo‘lmoqda. Bir hududni “qizil hudud”, deb tanlab oldik. Avval suv saqlash inshootini qurib ketgan, lekin aholi bir chelak ham suv olmagan. Keyin kim yomon, biz yomon, sababi eʼtibor bermaganmiz. Quryapmizmi, ertaga farzandim, nabiram foydalanadi, deb vijdonan, sifatli qurishimiz kerak. Har bir soha binosini birma-bir borib o‘rganyapman, ko‘p kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan, qiladigan ishlarimiz juda ko‘p

dedi tuman hokimi.

So‘ngra, tuman shtabi rahbari – prokuror Sardor Nazarov investitsiya dasturi doirasidagi 2 ta, PQ-154-sonli Prezident qarori asosida 2 ta, PQ-409-sonli qaror asosida 4 ta va tenderi yakunlangan 2 ta loyihaning qurilish ishlari tahliliga to‘xtaldi.

Yig‘ilish so‘ngida quruvchi va sohaga masʼul tashkilot vakillari yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar bartaraf etilishini bildirishdi.