Mirishkor tumani hududida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy vazifalar toʻgʻrisida tuman hokimi, 1-sektor rahbari Gʻulomov Fayzullo Qurbonovichning tuman faollariga murojaati

Assalomu alaykum, hurmatli tumandoshlar!

Soʻzimni boshida shuni aytib oʻtmoqchimanki, jonkuyar deputatlar, sektor rahbarlari, tashkilot rahbar va mutaxassislari hamda faol jamoatchilik bilan hamnafas va maslakdosh boʻlib aholining hayotiy muhim manfaat va extiyojlarini taʼminlashga qaratilgan bir qancha xayrli ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Hurmatli faollar!

Xabaringiz bor, joriy yilning 24-oktyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida viloyat faollari bilan oʻtkazilgan yigʻilishda barcha soha rahbarlari, jumladan tuman hokimlari va sektor rahbarlari oldiga ham muhim vazifalar belgilab berildi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, men sizlarga yil yakuniga qadar tumanda amalga oshiriladigan ishlar toʻgʻrisida hisobot bersam.

Tumanimizda 40 ta mahalla mavjud boʻlib, 127 mingdan ortiq turli millat vakillari istiqomat qilib kelmoqdalar.

Shundan mehnat resurslari 69,5 ming nafarni tashkil etib, iqtisodiy faol aholi qariyb 57,5 ming nafarni va ishsizlar soni 4,7 ming kishini, bunda ishsizlik darajasi 9,4 foizni hamda migrantlar soni 4,1 ming nafarni tashkil etadi.

Davlatimiz rahbarning keng koʻlamli islohotlari natijasida barcha imkoniyat va sharoitlar yaratildi. Xususan, mahalla beshligi bilan tashkil etilgan ishlar natijasida yil boshidan ishsiz aholining 7,1 ming nafari ish bilan taʼminlandi. Yil yakuniga qadar mavjud 4,7 ming ishsiz aholining 4,1 ming nafarini bandligini taʼminlash va qariyb 1,5 mingta oilalarni kambagʻallikdan chiqarish, kambagʻallik darajasini 4,2 foizga, ishsizlik darajasini esa 3,3 foizga tushirishni reja qilib olganmiz.

Hurmatli mahalla raislari va faollar!

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tumandagi mavjud 6,2 ming gektar yaylov yerlarni echkichilik va parrandachilikni rivojlantirish maqsadida aholiga ajratilishiga ruxsat berildi.

Buning natijasida, oʻrtacha 10 gektardan lotlarga ajratilib, kichik oilaviy tadbirkorlik rivojlantirish maqsadida aholiga beriladi va qoʻshimcha 1000 tadan ortiq doimiy ish oʻrinlari yaratiladi.

— mahallalarda qiymati 7,3 mlrd soʻmlik 65 ta yangi xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil qilinadi va 330 ta ish oʻrinlari yaratiladi.

— “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis dasturi” doirasida 16 ta tadbirkorlar loyihalari doirasida 1,1 ming nafar ish oʻrinlari yaratiladi.

— “Har bir oila tadbirkor dasturi” doirasida imtiyozli kredit asosida 11,0 mlrd soʻm ajratish hisobiga 360 ta fuqarolarga ish oʻrinlari yaratiladi.

— Dehqonchilik qilish uchun 748 nafar aholiga 187 gektar ekin yer maydonlari ijara asosida dehqon xoʻjaligi uchun ajratib beriladi.

— Uzumchilik tashkil qilish uchun bu yil tumanda 300 gektar yer maydonini uzum koʻchatlari ekishga tayyorlab qoʻyildi. Ushbu yerlarni kooperatsiya usulida 300 nafar aholiga ijara asosida ajratib beriladi.

Umumiy hisobda joriy yilda qiymati 71,9 million dollarga teng 50 ta loyiha amalga oshiriladi va natijada 1,4 ming ta ish oʻrinlar yaratiladi.

Azizlarim!

Diqqatingizni investitsiyalar sohasidagi ishlarga tortsam.

Har bir tumanda 50 mln.AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb qilish boʻyicha vazifalar belgilab berilgan edi. Shunga asosan, bugungi kunda tumanga 52 mln.AQSH dollar miqdorida toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Joriy yilning 9 oy davomida 14 mln.AQSH dollar miqdorida toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritildi va qolgan xorijiy loyihalar boʻyicha ham ishlar amalga oshirilmoqda. Yil yakuniga qadar belgilangan rejani bajaramiz.

Qolaversa, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda tumanning investitsiya va sanoat salohiyati oshirish, mavjud zaxiralarni aniqlash va istiqbolli loyihalarga biznes-rejalar ishlab chiqish maqsadida mustaqil “Islohot konsalting servis” konsalting kompaniyasi biriktirilib, natijada qoʻshimcha 40 ta istiqbolli loyihalarni ishlab chiqqanmiz. Ushbu yangi loyihalar hisobiga qoʻshimcha 176 mln.AQSH dollari miqdorida investitsiyalar jalb qilish imkoniyatini beradi.

Misol uchun Rossiya, Malayziya va Xitoy davlatlari bilan:

1. Sechan koʻl tabiiy suv xavzasida baliqchilikni rivojlantirish va turizm zonasini tashkil qilish boʻyicha umumiy qiymati 32,0 mln.AQSH dollar, loyiha doirasida 180 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

2. Foydalanilmaydigan 500 gektar yer maydoniga tut koʻchatlarini ekib pilla yetishtirishni yoʻlga quyish orqali ipak ip kalava maxsuloti ishlab chiqariladi. Loyihaning umumiy qiymati 10,0 mln.AQSH dollari miqdorida boʻlib, 270 ta yangi ishchi oʻrinlari yaratiladi.

3. Yod va brom ishlab chiqarish boʻyicha umumiy qiymati 18 mln.AQSH dollarlik loyiha doirasida 80 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

4. Litiy qazib olish va uni qayta ishlash boʻyicha umumiy qiymati 12 mln.AQSH dollarlik loyiha doirasida 80 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Hurmatli tadbir ishtirkochilari!

Mirishkor tumanida jami 84 ta ijtimoiy soha obyektlari mavjud boʻlib, shundan 43 tasi maktab, 20 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari, 2 ta kasb-hunar maktablari, 12 ta sogʻliqni saqlash tizimida faoliyat koʻrsatib kelayotgan muassasalar hamda 7 ta sport va madaniyat obyektlaridan iborat.

Ushbu obyektlarda kuz-qish mavsumini oʻtkazish uchun jami 419 ta isitish qozonlari mavjud,  bugungi kunda barcha 419 ta isitish qozonlari yaroqli boʻlib, kuz-qish mavsumiga tayyor holatga keltirilgan.

Tuman ijtimoiy soha obyektlarida 2023-yilni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish masalasida umumtaʼlim maktablarda 20 ta, tibbiyot muassasalarida 2 ta, 419 ta mavjud qozonlarni tamirlash, 15 ta maktabni 920 ta raditorlarni taʼmirlash va yangilash, 25 ta maktabni 2881 metr tashqi va ichki isitish tarmoqlari taʼmirlash boʻyicha jami 1141,0 mln. soʻmlik modernizatsiya ishlarini olib borish uchun mahalliy byudjetdan mablagʻ ajratdik.

Tumanda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish jarayonida 2228 tonna jami 735 mln. soʻmlik koʻmir zahirasini yaratish rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunga kelib, reja 100 % ga, 2228 tonna koʻmir zaxirasi toʻliq yaratildi.

Aholi xonadonlarini ham kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha mahalla 5 ligi bilan birgalikda hisob kitoblar asosida mahalliy oʻtin va koʻmir zahirasini yaratish boʻyicha ham bir qancha ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan kam taʼminlangan oilalarga koʻmir olib berish uchun “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasiga 400,0 mln.soʻm mablagʻ utkazib berdik. Shuningdek ichki imkoniyatlarimiz orqali 1100 ta paxtachilikka ixtisoslashgan fermerlarimiz tomonidan yetishtirilgan 19,0 ming gektardan ortiq yer maydonidagi gʻoʻzapoyani 14 mingta xonadonga yetib borishini hisob kitobini qilganmiz.