Tumanda tashkil etilgan «Yoshlar festivali» doirasida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etilib, choravachilik rivojlantirish borasidagi ishlar, shuningdek, chekka hududlarda turli millat vakillarining hayot tarzi, mehnat faoliyatlari va sayyor qabullarda muammo va murojaatlar yechimlari koʻrsatib berildi.

Tadbirga «Zamon» informatsion dasturi va «Qashqadaryo» TRK muxbirlari, UZA vakillari, blogerlar Otabek Artikov va Kapitan Karimovlar hamda tuman «Mirishkor mashʼali gazetasi muxbirlari taklif etildi.

Dastlab, chekka hududlarda yoshlar bilan ishlash, ularning intellektual salohiyatini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan tadbirlar bilan tanishtirildi.

Xususan, Chandirdagi 34-sonli maktabda yoshlar oʻrtasida «Zakovat» intellektual oʻyini tashkil etildi.

Soʻngra, Chandirda istiqomat qiluvchi turkman millati vakillarining hayot tarzi, anʼanalari tanishtirildi. Muxbirlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mahalliy aholidan javoblar olishdi.

Shundan soʻng, Chandir madaniyat markazida sayyor qabul tashkil etilib, murojaatlar bilan tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilganligi, imkoniyatlardan kelib chiqib, ularning murojaatlarini qanoatlantirish jonli tarzda amalga oshirildi.

Shundan soʻng tuman hokimi Sherali Sanayev tumanda chorvachilikni rivojlantirish boʻyicha tumanda amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

«Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoqlaridan biri chorvachilik hisoblanadi. Mirishkor tumani ham chorvachilikka ixtisoslashgan tumanlar sirasiga kiradi. Ayni vaqtda tumanda yaylov chorvachiligiga mutanosib ravishda ikkita qorakoʻlchilikka ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyat faoliyat yuritadi», deb soʻz boshladi tuman hokimi.

Hokimning qoʻshimcha qilishicha, kunlar sovishi bilan galdagi muhim vazifa qishga tayyorgarlik hisoblanadi. Birgina, Pomuq hududida joylashgan yer maydoni 124 ming gektar boʻlgan, «Oʻzbekiston» qorakoʻlchilik masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qish mavsumini betalafot oʻtkazish maqsadida qator ishlar amalga oshirilgan.

Xususan, qishki mavsum uchun 2400 tonna dagʻal xashak va 30 tonna yuqori quvvatga ega ozuqa zaxiraga jamlab qoʻyildi. 54 nafar choʻpon, jami 103 nafar xodim mehnat qilayotgan jamiyat tasarrufida 19 133 bosh qorakoʻl qoʻylari mavjud boʻlib, shundan 11 ming bosh ona qoʻylarni tashkil etadi.

Shuningdek, ona qoʻylar otaridan tashqari, joriy yilda urgʻochi qoʻzilar otari ham tashkil etilgan. Tuman xokimligi tomonidan qishlovni betalafot oʻtkazish borasidagi ishlarga yaqindan koʻmaklashish maqsadida chorvachilik jamiyatlari bilan doimiy hamkorlik ishlari yoʻlga quyilgan.