Qadrli tumandoshlar!

Bugun Sizlar bilan xalqimizning asriy orzusi, oʻzbek davlatchiligi tarixida buyuk va muqaddas sana-mamlakatimiz Mustaqilligining
30 yilligini qizgʻin nishonlamoqdamiz. Ana shu oʻtgan 30 yil ichida, xususan keyingi besh yilda mamlakatimizda asrlarga tatigulik oʻzgarishlar roʻy berdi. Bundan ruhlangan tumanimiz fuqarolari ham bir oila farzandi sifatida oʻz huquq hamda imkoniyatlarini toʻla anglab, oʻzini jannatmakon yurtimizning haqiqiy fuqarosi deb his qilgan holda ertangi porloq kelajak sari dadil odimlayotir.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil
17 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining oʻttiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida koʻrsatilganidek–“Mustaqillik yillarida koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi oʻzining buyuk salohiyati, mustahkam irodasi va matonatini namoyon etdi, ogʻir sinov va mashaqqatlarni mardona yengib, katta taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi.
Yurtimiz ilgarigi iqtisodiyoti bir tomonlama shakllangan, qoloq Respublikadan barcha sohalarda jadal rivojlanib, fuqarolarning hayot darajasi, siyosiy-ijtimoiy faolligi, ongu tafakkuri tobora yuksalib borayotgan, jahon hamjamiyatining teng huquqli aʼzosi sifatida uzoq-yaqindagi barcha mamlakatlar bilan doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini keng miqyosda olib borayotgan zamonaviy, ochiq va demokratik davlatga aylandi”.

Haqiqatan ham yurtboshimiz qayta-qayta taʼkidlaganlaridek, oʻtgan davr biz uchun gʻoyat muhim bir haqiqatni takror va takror tasdiqlab bermoqda. Erkin va farovon hayotimizni, buyuk kelajagimizni faqat mustaqillik asosida qurishimiz, odamlarimiz, el-yurtimizni faqat mustaqil siyosat asosida rozi qilishimiz mumkin. Faqat mustaqillik bugungi va kelgusi avlodlar uchun misli koʻrilmagan imkoniyatlar ochib beradi.
Ushbu fikrlarga hamohang holda aytadigan boʻlsak, mamlakatimiz va viloyatimizda boʻlgani kabi tumanimizda ham oʻtgan davrda muayyan oʻzgarishlarga erishildi. Joylarda ijtimoiy va maʼmuriy binolar, ehtiyojmandlar uchun uy-joylar, savdo shahobchalari, koʻrkam bozorlar, maktabgacha taʼlim muassasalari, sport majmualari, maktablar qad rostlamoqda, xiyobonlar qurilmoqda, yoʻllar taʼmiri va qurilishi jadallashib, zamonaviy tus olmoqda.

Qishloqlarimiz “Obod qishloq” dasturi asosida koʻrkamlashib, iqtisodiy yuksalishi kishilarimiz qalbida iliqlik uygʻotmoqda. Albatta, amalga oshirilayotgan bunday ishlar avvalo xalqimizning porloq kelajagi uchun xizmat qiladi.

Barchamizga yaxshi maʼlumki, tumanimizda Pomuq, Jeynov, Mirishkor, Chamanzor, Chandir, Guliston, Obod, Elobod, Vori singari qishloqlar nafaqat tumanimiz va viloyatimizda, balki Respublikamizdagi eng katta aholi maskanlaridan sanaladi. Bu qishloqlardan yetishib chiqqan yuzlab fidoyi insonlar mustaqil Oʻzbekistonni ravnaq toptirishda sidqidildan mehnat qilib, xalq xoʻjaligi tarmoqlari rivojiga munosib hissa qoʻshishgan va hamon bu anʼana davom etmoqda. Iqtidorli publitsist, xalqaro “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori Abdunabi Abdiyev, ijodkor oʻqituvchi Niyozmamat Panjiyev, tadbirkor Laziz Turdialiyev, ilgʻor fermer Baxtiyor Safarov, Baxtiyor Hamroyev, Boʻriboy Qulliyev, Gʻayrat Kenjayev, Eshonqul Shukurov, Alisher Xoʻjamov, oq koʻngil shifokor Sayfullo Sharopov, olim-agronom Husan Toʻliyev, dongdor choʻpon Boysar Abdiyev, Xomid Toshev, Chori Ismatov, Ashur Turdiyev, mehnat faxriysi Boboqul Rustamov, Atavullo Toʻrayev, Ogʻmamat Andayev, Omon Burhonov, Umirzoq Rahimov, Yoʻldosh Islomov, Razzoq Umirov, Salim Abdurahimov, Asat Xoʻjamberdiyev, Rizoqul Rustamov, Norsulton Andayeva, Shoymurot hoji Mahmanazarov, el sevgan sanʼatkorlar Umurzoq Quvvatov, Sharofiddin Murodovlar shular jumlasidandir.

Xalqimizning barcha orzu-havaslari, yosh avlodni qoʻllab-quvvatlash, aholi salomatligini mustahkamlash xalqni rozi qilish bilan chambarchas bogʻliq. Holbuki, mamlakatimizda biz qudratli ijodiy salohiyatga ega boʻlgan bilimli yoshlar bilangina yangi Oʻzbekistonni barpo etamiz.

Shu bois mamlakatimizda Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilayotgan doimiy eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Bu borada amalga oshirilayotgan har bir intilish odamlarning quvonchiga sazovor boʻlmoqda. Prezidentimizning 2021 yilni “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilganliklari ham ayni muddao boʻldi.

Darhaqiqat, bugun umummilliy harakatga aylangan bugungi islohotning tamal toshi mustaqilligimizning, xususan, yurtboshimizning davlat rahbari sifatida ish boshlagan dastlabki kunlaridayoq qoʻyilgan. Albatta, oʻtgan yillar davomida bunday olijanob maqsad yoʻlida amalga oshirilgan ishlarni birma-bir sanab adogʻiga yetish qiyin. Bolalarning sogʻlom tugʻilishi va sogʻlom ulgʻayishi uchun zarur sharoit yaratildi. Onalik va bolalikni muhofaza qilish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, taʼlim tizimini takomillashtirish, bolalar sportini rivojlantirish kabi sohalardagi izchil islohotlar bir-birini toʻldirib, uzviy tizim shaklini oldi. Bugun zamonaviy tibbiy markazlar, maktabgacha taʼlim taʼlim muassasalari, sport inshootlari har jihatdan sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Muhtaram Prezidentimizning olib borayotgan oqilona siyosatlari natijasida aholi turmush darajasini yanada yaxshilash maqsadida mamlakatimizda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ni joriy etildi. Shunga koʻra tumanimizda ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan:

Oʻtgan davr mobaynida yoshlar bilan olib borilgan ishlar natijasida yoshlar daftariga kiritilgan 2840 nafar yoshlardan 2691 nafarini yaʼni (96,1%) yoshlarni band qilinishiga erishildi va “Yoshlar daftari”dan chiqarildi.

Umuman olganda, mamlakat kelajagini taʼminlovchi ayollar va yoshlar masalasida mutlaqo yangi, zamon talablariga mos ish uslublari asosida muammolar yechimiga erishildi.
Bu esa, oʻz navbatida, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlar va yoshlarning faolligini oshirish, ularni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida oʻzlarining iqtidor va salohiyatlarini toʻlaqonli namoyish etishiga keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Hozirgi kunda tumanimiz koʻpmillatli aholisi va xususan yoshlarimiz Prezidentimiz va hukumatimiz olib borayotgan ustuvor siyosat va iqtisodiyotdagi islohotlarni toʻla-toʻkis maʼqullamoqda.

Albatta, mehnatkash Mirishkor ahlining saʼy-harakatlari bilan oʻtgan davrda tuman xalq xoʻjaligining turli sohalarida ham koʻplab ijobiy natijalar qayd etildi. Tabiiy iqlim issiq kelib, qattiq qurgʻoqchilik va tabiat injiqliklariga qaramay joriy yilda pilla rejasini Respublikada birinchilardan boʻlib bajarilishi, qolaversa ulkan don xirmoni uyushgan erishdik.

Mirishkor dehqonlarimiz bu yil paxtadan ham har qachongidan koʻp moʻl hosil xirmon koʻtarish yoʻlida mehnat qilmoqdalar. Ishonamanki, Sizlarning saʼy-harakatlaringiz ostida tumanimizda paxtadan ham yuqori hosil koʻtarilishi shubhasiz.

Mustaqillik davri, ayniqsa keyingi besh yillikda qishloq xoʻjaligi tizimida tub burilish yasaldi. Quvonarlisi, qishloq xoʻjaligida ilm-fan olib kirildi. Erta pishar, kam suv talab qiladigan paxta va gʻalla navlari yaratildi. Fermerlar timsolida yer haqiqiy egasiga qaytdi. Ayniqsa Muhtaram yurtboshimizning tashabbusi bilan klaster tizimiga oʻtilishi qishloq xoʻjaligi bilan sanoatni birlashtirdi. Odamlarda yerga boʻlgan munosabat oʻzgardi. Tumanimizda 4 ta klaster faoliyat yuritib, ishchi-mehnatkashlar oyma-oy oylik maoshlarini olmoqda. Samarasiz, maʼnan eskirgan texnikalar oʻrniga oʻnlab zamonaviy, unumdor, yangi texnikalar keltirildi. Ilgari tumanimiz iqtisodiyotida sanoat ishlab chiqarishning deyarli oʻrni yoʻq edi. Bugungi kunda esa hayot, muhit, amaliyot tubdan oʻzgardi. Quvvati keng korxonalar tashkil etish allaqachon boshlab yuborilgan. Masalan, Guliston qishlogʻida Un zavodi, Pomuq qishlogʻida Tekstil fabrikasi, Obod qishlogʻida Yogʻni qayta ishlash, tuman markazida esa Sochiq ishlab chiqarish korxonasi qurilishi qizgʻin ketmoqda. Qolaversa, tumanimizda mahallalar 5 taga koʻpayib, jami mahallalar soni 40 taga yetdi. Deylik, yangi mahallalar tashkil etilganligi tufayli birgina Qurama qishlogʻi aholisi oddiy bir maʼlumotnomani olish uchun 15 kilometrlab masofaga qatnash tashvishidan qutildi. Yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida minglab odamlar ishli boʻlib, davlatimizdan, hukumatdan roziligi ortishi turgan gap.

Qadrli yurtdoshlar!

Bugun chinakam shodiyona kun. Eng ulugʻ, eng aziz bayram koʻtarinki ruhda oʻtmoqda. Ana shu qutlugʻ onlarning sababchisi–xalqimiz fidokorona mehnati va mardligi, sabru qanoati va mehr-oqibati deya, elimizning yorugʻ kunlarga eson-omon yetib kelishi, yurtimizda barqarorlik, totuvlik va kishilarimiz birdamligini, yurtboshimizning xalqparvar siyosati natijasi deb bilamiz.

Fursatdan foydalanib, tumanimiz aholisini, bugungi ommaviy saylda qatnashayotgan barcha ishtirokchilarni istiqlolning oʻttiz yilligi shodiyonasi bayrami munosabati bilan yana bir karra samimiy tabriklaymiz.

Tinchlik va osoyishta hayot doimo hamrohingiz boʻlsin, aziz yurtdoshlar!

Sherali Choriyevich Sanayev

Mirishkor tuman hokimi