Aziz tumandoshlar!

Bugun gʻoyat masʼuliyatli va mashaqqatli kasb egalari, xalqi va muqaddas qasamyodiga sodiq tibbiyot xodimlari kuni. Siz azizlarni, kasb bayramingiz bilan samimiy qutlab, oʻz tilaklarimni boʻlishmoqchiman.

Barchamizga maʼlumki, 2020 yil insoniyat uchun katta sinov va murakkab boʻldi. Koronavirus pandemiyasi xavf solib turgan eng murakkab vaziyatda ham tumanimizdagi tibbiyotning matonatli xodimlari oʻz hayotini xavf ostida qoldirib boʻlsada, xalq salomatligini muhofaza qilish, bemorlar hayotini asrash, infeksiyaga qarshi kurashishda buyuk ajdodlarimizning haqiqiy izdoshlari sifatida oʻz mahoratlarini koʻrsatishdi.
Joiz boʻlsa, Siz azizlarni eng yaqin doʻstimiz, xalq qahramonlari deb atashni lozim deb topdim.


Tumanimizda tibbiyot xodimlarining aholiga sifatli xizmat koʻrsatishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.


Xususan:

2021 yilda “Koʻhna Fazli” 2-sonli oilaviy shifoxona punkti 630 mln soʻmlik hamda 26-sonli oilaviy poliklinkasi “Avazchul” filiali 962 mln soʻm mablagʻlar hisobidan “Obod qishloq” davlat dasturi asosida taʼmirlandi.

2021-yil boshidan Eloboddagi oilaviy shifoxona punkti va Tojikiston oilaviy shifoxona punkti xizmat oʻylarini taʼmirlashga 186 mln soʻm ajratilib, ayni taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Yana bir quvonarli maʼlumotni boʻlishsam. Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shu jumladan aholini koronavirusga qarshi emlash borasida muhim vazifalar belgilandi. Tumanimizdagi mahoratli va gʻamxoʻr tibbiyot xodimlarimiz tomonidan ham joriy yil boshidan 46 ming 701 nafar fuqaro emlanib, emlash boʻyicha viloyatimizda ikkinchi oʻrinda bormoqdamiz.

Yangi saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisida “el-yurtimiz sogʻligʻini asrashdek olijanob maqsad yoʻlida oʻzini ayamasdan, mardona mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlari, “Yangi Oʻzbekiston”ni barpo etishda doimo oldingi safda boʻlasizlar”, deb alohida ishonch bildirdi.

Xalqimizning sogʻligʻi hech narsa bilan oʻlchanmaydigan eng bebaho boyligimizdir, – deb taʼkidlagandi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich.
Ushbu boylikni asrab, muhofaza qiluvchi siz azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, kuch-quvvat va oilaviy totuvlik tilayman.

Bayramingiz muborak boʻlsin, qadrdonlarim.

Sherali Choriyevich Sanayev,

Mirishkor tuman hokimi