Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2-noyabr kuni “aholini uy-joy bilan taʼminlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi” yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari ham koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda 10-dekabrga qadar daraxt ekish boʻyicha “dolzarb 40 kunlik” eʼlon qilindi. Davlat rahbari ilgari surgan ushbu loyiha tub zamirida Vatanga boʻlgan muhabbat, uni avaylab asrash kabi azaliy qadriyatlar yotadi.
“Qayerda obodlik, saranjom-sarishtalik boʻlsa, oʻsha yerda fayz-baraka boʻladi”. Zero, hal¬qimiz obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini tabiatga mehr-oqibat, bagʻrikenglik hamda doʻstlik rishtalarini mustahkamlovchi vosita sifatida eʼzozlab keladi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida 2021 yil kuz va 2022 yil bahor mavsumlarida “1 million daraxt” tashabbusi doirasida daraxt va buta koʻchatlarini ekish boʻyicha boshqarma va tashkilotlar kesimida dastur ishlab chiqildi.
Jumladan, Mirishkor tumanidagi 40 ta mahalla, 23 ta qishloq, 3 ta shaharcha va 324 dan ortiq koʻchalarni obod qilish, mevali va manzarali koʻchatlarni oʻtqazib, ona tabiatni asrashga oʻz hissamizni qoʻshish maqsadida chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdik.
Davlat rahbarining oʻrinli tanqidlarini hisobga olgan xolda hududlarga masʼullar berkitilib, dasturli reja asosida ishlarning sifatli va toʻgʻri olib borilishi taʼminlanib, hududlarga koʻchatlar yetkazib berilmoqda.
Iqlimi keskin kontinental, tuprogʻi shoʻxrok, gil, oʻtloq va oddiy boʻz tuproqli maydonlardan iborat Mirishkor tumani tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, chora-tadbirlar dasturiga asosan 2021 yil kuz va 2022 yilning bahor mavsumlarida tumanda 914 ming 700 dona mevali va manzarali koʻchatlarni ekish reja qilingan. Shundan, 209 ming dona tut koʻchatlari, 4 ming dona akatsiya, 300 dona chinor, 5 mingta jiyda, 400 ta yongʻoq, 1,5 ming dona behi, 13 ming dona uzum, 3 ming dona Virgin archasi, 2,5 ming ta Sharq tuyasi, 300 ta daraxt qalamchalari, 180 mingta manzarali koʻchat va butalar hamda boshqa turdagi 62 ming dona koʻchatlar ekilishi koʻzda tutilgan. Tuman hokimi sifatida Men boshchiligimda, sektorlar, tashkilot rahbarlari va mahalla raislari oʻzimiz yashayotgan va mehnat qilayotgan binolar tevarak-atrofi va yoʻl yoqalarida turli xil mahalliy iqlim sharoitiga mos daraxt koʻchatlarini ekmoqdamiz.
Qadrli va mehnatkash Mirishkorliklar, aziz tumandoshlarim!
Davlat rahbari tomonidan Vatanimizni, tabiatni asrashda muhim vazifalar belgilanishi, ekologik vaziyatdan kelib chiqib, daraxt ekishni davlat siyosati darajasiga koʻtarilishi xam aholi farovonligini oshirishda muhim oʻrin tutadi.
Shunday ekan biz yoshlarimizga davlatimiz tomonidan olib borilayotgan odilona siyosatni, qadriyatlarimizga boʻlgan eʼtiborni qoʻllab quvvatlash, oʻz Vatani va tabiatni koʻz qorachigʻidek avaylab asrashda fidoyi boʻlib yashashga oʻrgatishligimiz kerak.
“Yaxshidan bogʻ qolar” deydi dono xalqimiz. Tildan-tilga, dildan-dilga oʻtib kelayotgan ushbu naql muqaddas qadriyatlarimiz, milliy urf-odatlarimiz xotirjamlik silsilasiga uzviy bogʻliqdir.
Soʻzimning yakunida, Siz aziz tumandoshlarimni azaliy qadriyatlarimizga xos ravishda yelkama-elka turib, tabiatni asrashda, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda faol ishtirok etishga chorlab qolaman