Assalomu alaykum aziz tumandoshlarim!

Eʼtirof etish joizki, mamlakatimizda nogironligi boʻlgan fuqarolar siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqaroviy sohada yoki boshqa sohada oʻzgalar bilan teng huquqlidirlar.

Nogironligi boʻlgan bolalar, jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari tufayli hayotiy faoliyati cheklanganlarga ham davlat va jamiyat tomonidan ijtimoiy yordam koʻrsatilib, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinadi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bir qator farmonlari bilan nogironligi boʻlgan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yanada mustahkamlanib, ularning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotida faol ishtirok etishi uchun keng sharoitlar yaratildi.

Qadrli tumandoshlarim!
Mirishkor tumanida ham 2026 nafar nogironligi boʻlgan fuqarolar boʻlib, shundan 233 nafar 1-guruh, 1347 nafar 2-guruh, 316 nafar 3-guruh va 18 yoshgacha bolalikdan nogironligi boʻlgan fuqarolar istiqomat qilishadi.

Ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida tumanimizda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yil boshidan 265 nafar nogironligi boʻlgan fuqarolarga tibbiy yoʻllanma berish orqali viloyat shifoxonalarida davolanib chiqishdi, 22 nafar fuqaroga nogironlik aravachalari, 33 nafariga eshitish moslamalari, 36 nafariga hassa va 12 nafariga qoʻltiqtayoqlar berildi.

Shuningdek, 2021 yil boshidan «Saxovat va koʻmak» jamgʻarmasi hisobidan 128 nafar nogironligi boʻlgan fuqarolarga 20 million soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. 15 nafar bemorlarning davolanishi uchun 45 million soʻm ajratildi. 12 nafar fuqaroga 1,5 million soʻmdan jami 18 million soʻm bir martalik moddiy koʻmak berildi hamda 4 nafarining uy-joy taʼmiri uchun 24 million soʻm ajratildi.

Hozirgi kunda tumanimizda 2026 nafar nogironligi boʻlgan fuqarolar nogironlik pensiya va nafaqa oluvchilardir. Shundan 169 nafari 1-guruh, 1413 nafari 2-guruh va 104 nafari 3 guruh, 340 nafar fuqaro «18 yoshgacha bolalikdan nogironlik» nafaqasini oluvchilardir.

Aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan tizimli ishlarni davom ettirish hamda moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarning farzandlarini kiyim-bosh toʻplamlari, maktab formasi va oʻquv qurollari bilan taʼminlash xarajatlarini byudjet mablagʻlari hisobidan qoplash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30-iyuldagi “Kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 5204-sonli qaroriga muvofiq boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi 18 yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan farzandi bor oilalarga 500 ming soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatildi.

Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi davlat siyosatida maktabgacha va maktabdan tashqari taʼlimini, nogironlarning kasb tayyorgarligini, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim olishini taʼminlash ham belgilab qoʻyilgan. Mirishkor tumanida uy sharoitida 34 nafar nogironligi boʻlgan yoshlar taʼlim olmoqda. Ularga umum taʼlim maktablaridan malakali oʻqituvchi va pedagoglar jalb etilgan.

Tumandagi 65 nafar koʻzi ojiz va zaif koʻradigan insonlarga ham eʼtibor qaratilib, jamiyat hayotida har tomonlama ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Yana bir quvonarli xabarni sizlar bilan boʻlishmoqchiman. Kuni kecha Gruziya poytaxti Tbilisida sportning “parapaver lifting”turi boʻyicha jahon chempionatida Mirishkor tumani Vori qishlogʻida yashovchi sportchi Yashinbek Oltiyev guruh bosqichida gʻolib boʻldi. Bir necha kun oldin, Pomuqlik paralimpiyachi Shoxrux Mamedov ham “Paradzyudo” boʻyicha mamlakat chempioni boʻlgandi.

Azizlarim!
Sizlar ham Oʻzbekistonning teng huquqli fuqarolarsiz, jamiyatimizning ajralmas qismi, mening ogʻa-inilarim, opa-singillarimsiz. Biz rahbarlar sizni ijtimoiy va huquqiy manfaatlaringizni himoya qilish, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotda faol ishtirok etishingiz uchun keng sharoitlar yaratishni oldimizda turgan muhim va masʼuliyatli vazifa deb bilamiz.