Assalomu alaykum qishloq xoʻjaligi sohasida halol mehnat qilayotgan muhtaram tumandoshlar!
Avvalo, Siz azizlarni, Mirishkorning mehnatsevar, zahmatkash dehqon va fermerlarini, chorvador va pillakorlar, mohir suvchi hamda agronomlarini qutlugʻ ayyom-Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.
Azizlarim!
Ushbu sana munosabati bilan sizlarni qutlar ekanman, joriy yildagi mashaqqatli mehnatingiz, erishilgan natijalar va oldimizda turgan rejalar haqida toʻxtalib oʻtmoqchiman.
Joriy yil tumanimizda 47 tonna gʻalla, 53,8 tonna paxta, 64 ming tonna pilla, 7,4 ming tonna meva-sabzavot, 15 mln donaga yaqin tuxum, 11,8 ming tonna goʻsht va 40 ming tonnadan ziyod sut mahsulotlari yetishtirilgani avvalo sizlarning mashaqqatli va halol mehnatingiz samarasidir.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning taʼbiri bilan aytganda «Shunday ulugʻ va muhim sohaning zalvorli yukini oʻz yelkasida koʻtarib kelayotgan mirishkor dehqon va fermerlar, zahmatkash chorvador va pillakorlar, mohir suvchi va irrigatorlar, oʻz ishining haqiqiy ustasi boʻlgan mexanizator va agronomlar, jonkuyar olim va mutaxassislarni dunyodagi eng olijanob kasb egalaridir» desak, ayni haqiqatdir.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich 2019 yil Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi xodimlariga yoʻllagan tabriklarida “Biz keyingi yildan boshlab paxta yetishtirishni toʻliq 100 foiz klaster usuliga oʻtkazishga qaror qildik. Shu bilan birga, gʻallachilik, meva-sabzavotchilik, parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik va pillachilik klasterlarini tashkil qilish ishlarini izchil davom ettiramiz”, degan soʻzlari bilan tegishli yoʻnalishlar rahbar va mutaxassislarga qator vazifalar yuklatildi.
Bugungi kunda qishloq xoʻjaligi sohasida ish yuritishning yangicha shakli-klaster usuli tobora ommalashmoqda. Birgina Mirishkor tumanida paxtachilik yoʻnalishida 3 ta jumladan “Mirishkor tekstil group MCHJ”, “Litay tekstil overseas MCHJ”, “Orginal kotton Mirishkor MCHJ” va gʻallachilik yoʻnalishida “Ze-Best Agroxim klaster MCHJ” klasterlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Mazkur klaster korxonalari tomonidan tumanda yetishtirilgan paxta va gʻalla hom ashyosini qayta ishlash orqali yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkillashtirish orqali tumanimizni agrar tumandan sanoatlashtirilgan tumanga oʻtkazish boʻyicha ilk qadamlar quyilmoqda.
Xususan, “Mirishkor tekstil group” MCHJ tomonidan Yangi Mirishkor hududida 500 ish oʻrinli zamonaviy tikuv fabrikasi, “Litay tekstil overseas” MCHJ tomonidan R.Gʻoyibov hududida 100 ish oʻrinli zamonaviy yogʻ zavodi , “Orginal kotton Mirishkor” MCHJ tomonidan Pomiq hududida 500 ish oʻrinli zamonaviy ip yigiruv fabrikasi “Ze-Best Agroxim klaster” MCHJ tomonidan Guliston hududida 120 ish oʻrinli zamonaviy un zavodlarining bir yil davomida qurilib, shu yil yakuniga qadar ishga tushirilishi yuqorida aytgan gapimizning yorqin isboti boʻlib hisoblanadi.
Mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalar joriy etishda ham tumanimizda bir qator ishlar amalga oshirildi.
Qishloq xoʻjaligida chidamli, ertapishar, serhosil ekin navlarini yaratish, chorvachilikda naslchilikni yaxshilash, eng katta boylik boʻlgan yer va suv resurslaridan tejab-tergab foydalanish, urugʻchilikni rivojlantirish eʼtiborimiz markazida turishi lozim.
Xususan, joriy yilda tumanda 1 415 gektar ekin maydonida suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatish ishlari yakunlanib, shundan 1385 gektar fermer xoʻjaliklari maydoniga jami 10,3 mlrd soʻmlik subsidiyalar asosida ishlar amalga oshirildi.
Kelgusi yilda 4740 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish reja qilingan boʻlib, shundan 3540 gektarga tomchilatib sugʻorish, 600 gektarga yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini oʻrnatish orqali suv taqchilligi hamda suv resurslariga boʻlgan ehtiyoj oʻsib borayotgan qishloq xoʻjaligida suvdan foydalanish samaradorligini keskin oshirishga erishamiz.
Yaqindagina Prezidentimiz tomonidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishda “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021 yil 23-noyabrdagi PQ-20-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 709-sonli qaroriga asosan Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkalari ochiq elektron tanlov asosida uzoq yilga ijaraga beriladigan boʻldi.
Mazkur qarorlarga asosan joriy yilda tumanimizda ham paxtadan qisqaradigan 691 gektar maydonlarda davlatimizda tajriba sifatida ilk bor tashkil etilgan 40 ta mahallalardagi tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha “hokim yordamchisi” tavsiyalariga asosan birinchi navbatda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ga kiritilganlarga ochiq elektron tanlov asosida uzoq yilga ijaraga beriladi.
Bundan tashqari, 2022 yilda tumanimizda sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohasida umumiy qiymati 900 mlrd. soʻmdan ortiq 48 ta investitsion loyihalarni amala oshirish orqali 3000 ga yaqin yangi ish oʻrinlarni yaratishni oʻz oldimizga maqsad qilgamiz.
Oʻz navbatida mazkur investitsion loyihalar ichida paxtachilik va gʻallachilik klaster korxonalari tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar bilan bir qatorda, oziq ovqat xavfsizligi yoʻnalishida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi investitsion loyihalar ham alohida oʻrin egallaydi.
Misol tariqasida, “Timur hamkor plast” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 20 mlrd soʻm boʻlgan 50 ish oʻrinli zamonaviy tomat pastasi ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish yuzasidan dastlabki qadamlar quyildi.
Mazkur korxonani 2022 yil yoz oylarida ishga tushirishni rejalashtirganmiz. Korxona ishga tushishi natijasida tumanimiz aholisi tomonidan tomorqalarda yetishtirilgan pomidor mahsulotini realizatsiya qilishdagi qiyinchiliklarga barham berilib, mahsulotni toʻgʻridan-toʻgʻri mazkur korxonaga topshirish imkoni paydo boʻldi. Oʻz navbatida, korxonada qayta ishlangan mahsulotlar respublikamiz aholisini sifatli tomat pastasi bilan taʼminlash bilan bir qatorda , chetga eksport qilish imkoni ham paydo boʻladi.
Oʻz oldimizga qoʻygan ulkan vazifalarni ado etish, mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, xalqimiz dasturxonini farovon qilishdek olijanob maqsad yoʻlida hayot sinovlarida toblangan, mard va matonatli fermerlarimiz, Oʻzbekistonning barcha qishloq xoʻjalik xodimlari bor bilim va tajribalarini, kuch-gʻayrat va imkoniyatlarini safarbar etib, oʻzlarini ayamasdan mehnat qiladilar, deb ishonaman.
Qadrli tumandoshlar!
Hurmatli fermerlar va qishloq xoʻjaligi xodimlari! Sizlarni yana bir bor “Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni” bilan chin dildan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, ishlaringizga yangi-yangi yutuqlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Umringizdan, mehnatingizdan baraka toping!
Kirib kelayotgan yangi-2022 yilda hosilimiz yanada moʻl boʻlsin!
Qabul qilayotgan barcha reja va dasturlarimiz ijobat boʻlsin!