Mirishkor tuman hokimi Sherali Sanayevning Oʻzbekiston davlat Mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi
Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar.
Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali tumanimiz ahlini eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz–Mustaqillik sanasining 31 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Xalqimiz uchun yangi davr, erkin va ozod hayotni boshlab bergan ushbu qutlugʻ sana har bir inson, har bir oila hayotida oʻz oʻrniga ega. Shu bois ham bu ayyomni har birimiz oʻzgacha koʻtarinkilik va mamnunlik bilan kutib olamiz. Ayniqsa bu yilgi bayram “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz!”, degan ezgu gʻoya asosida nishonlanishi zamirida ham yurtdoshlarimizning Vatanimizga boʻlgan yuksak mehri va cheksiz faxru iftixori mujassamdir.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich taʼkidlaganlaridek, istiqlol yillarida erishgan yutuqlarimizga tayanib, milliy tiklanishdan–milliy yuksalish sari dadil qadam qoʻymoqdamiz.
Ayniqsa, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasidan 2022-2026 yillarda taraqqiyot strategiyasiga oʻtishi shuningdek, “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili yili” davlat dasturi, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar–kelajagimiz”, “Besh muhim tashabbus” kabi muhim dastur va rejalar doirasida olib borilayotgan tub islohotlar keyingi yillarda aholining hayot darajasi va sifatini tubdan yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Haqiqatdan ham yurtboshimiz aytganlaridek, «Inson qadrini ulugʻlash—yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash demakdir. Bu borada jamiyatimiz asosi boʻlgan mahalla hal qiluvchi oʻrin tutadi«.
Buni birgina tumanimiz misolida olib koʻradigan boʻlsak, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida soʻnggi 4 yil ichida qishloq va mahallalarning yangi, obod va yanada koʻrkam qiyofasini yaratish, xalqimiz farovonligini oshirish maqsadida qishloq va mahallalarning meʼmoriy qiyofasi tubdan yangilanmoqda. Ularda yoʻl-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obʼektlarida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Aholining zamonaviy uy-joyga boʻlgan talab va ehtiyojlarini taʼminlash maqsadida birgina joriy yilning oʻzida 120 ta oilaga moʻljallangan 3 ta koʻp qavatli turar joy binolari foydalanishga topshirildi.
Investitsiya dasturiga asosan joriy yilda 7,89 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻni oʻzlashtirish hisobiga 2 ta obʼektda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.
Qolaversa, davlatimiz rahbarining bevosita tashabbuslari bilan keksa avlod vakillarini qoʻllab-quvvatlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan hamda koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga begʻaraz yordam berish bilan bogʻliq xayriya tadbirlari ham tumanimizda koʻtarinki ruhda oʻtkazib kelinmoqda.
Ana shu maqsadda bayram arafasida 800 ga yaqin xonadonlarga shodlik ulashildi. Xususan, istiqlolning 31 yilligi arafasida ijtimoiy himoyaga muhtoj deb topilgan 24 ta oilaning 24 nafar farzandlarining sunnat toʻyi qilib berildi. Qolaversa, «Ayollar daftari»dagi 51 ta oila hamda 80 ta ehtiyojmand va kam taʼminlangan oilalarning farzandlariga tuman hokimligi va saxovatpesha rahbarlar tomonidan maktab formalari olib berildi.
Bundan tashqari, 240 ta ehtiyojmand oilalarga yirik shoxli hamda mayda shoxli mollar tarqatildi.Shuningdek, 403 ta “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan hamda koʻmakka muhtoj oilalarga bayram dasturxoni uchun 8 xil turdagi oziq ovqat mahsulotlari yetkazib berildi-ki, bu ham boʻlsa hech kim yurtboshimiz eʼtiborlaridan chetda emasligining namunasi deyishimiz mumkin.
Shuningdek, butun mamlakatimizda boʻlgani singari tumanimizda ham klaster tizimi joriy etilgani, ishbilarmonlikni qoʻllab-quvvatlab, yoshlar ishtirokidagi tadbirkorlik subʼektlari faoliyat koʻrsatib, ularda mingga yaqin ish oʻrinlari yaratilishi bilan bir qatorda tumanning eksport salohiyati ham ortishiga erishildi.
Birgina joriy yil 6 oyda qishloq va mahallalarda yangi joriy etilgan tuman hokimining yordamchilari tomonidan tumanimiz boʻyicha 978 dan ortiq yurtdoshlarimiz ish bilan taʼminlandi, tijorat banklari tomonidan tadbirkorlarga 24.4 milliard soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratildi.
“Har bir oila-tadbirkor” dasturi doirasida 18 ta loyihaga 4.860 milliard soʻmlik kredit mablagʻlari ajratilishi hisobiga 90 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Tibbiyot sohasida soʻnggi ikki yarim yil ichida jami 5 ta davolash-profilaktika muassasalarida qurilish, taʼmirlash hamda yangidan jihozlash ishlari bajarildi. Aholi salomatligi yoʻlida 2 oʻringa moʻljallangan Sogʻlomlashtirish markazi, Oilaviy poliklinikalar, QVPlari tub taʼmirlanib, yuqori texnologiyali zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Bugungi kunda bu tibbiyot muassasalarida xorij va respublikada amaliyot oʻtab kelgan malakali hamda mahalliy mutaxassislar faoliyat yuritishmoqda.
Albatta, tumanimiz qishloq xoʻjaligi sohasidagi yutuqlar ham eʼtirofga loyiq. Dehqon-fermerlarimizning mashaqqatli mehnati evaziga bu yil 45 ming tonnadan ortiq gʻalla oʻrib-yanchib olindi. Ayniqsa, Mirishkor, Jeynov, Avtonomov nomli, Oltin boshoq, Ruzmet Gʻoyibov nomli massivlar gʻallakorlarining yutuqlarini alohida taʼkidlash zarur. Ayni vaqtda mirishkor dehqonlarimiz 50 ming tonnalik paxta xirmonini yaratish ustida astoydil mehnat qilmoqdalar, albatta bu marrani ham barchamiz yakdil, yelkadosh boʻlib qoʻlga kiritamiz.
Azizlarim!
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlar kelajagi, ularning manfaatlari masalasiga, zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak maʼnaviyat egalari etib tarbiyalash, shu maqsadda taʼlim tizimini takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.
Bolani yoshligidan barkamol inson qilib tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilandi. Tumanimizda toʻrt yil ichida maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 17 tadan 164 taga, yaʼni 9 barobardan koʻproqqa oshirilgani fikrimiz tasdigʻidir.
Tumanimizda 42 ta maktab mavjud boʻlib, oʻzaro sogʻlom raqobatni shakllantirish maqsadida 2 ta kasb-hunar maktabi oʻz faoliyat yuritmoqda. Yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar natijasida bugun mirishkorlik oʻquvchilar nafaqat respublika miqyosidagi, balki xalqaro doiradagi tanlov va festivallarda ham oʻzini koʻrsatayapti, desak mubolagʻa emas.
Taʼlim va tarbiyaning poydevori maktab boʻlsa, maktabni maktab qiladigan kuch — albatta oʻqituvchilardir. Bugun tumanimiz maktablarida 2 mingga yaqin oʻqituvchilar faoliyat yuritmoqdalar. Ular orasida oliy toifali oʻqituvchi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi aʼlochisi, «SHUHRAT» medali sohibi, 20-davlat ixtisoslashtirilgan maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Niyozmamat Panjiyev, 6-“Oltin Qalam” xalqaro milliy mukofoti sovrindori, 22-maktab direktori Abdinabi Abdiyev, “Shuhrat” medali sohibi, 24-maktab oʻqituvchisi Otaniyoz Ortiqov, Qahramon shoir Abdulla Oripovning “Sen bahorni sogʻinmadingmi” (“Sen baxori kuydimadingmi”) kiotobining turkmancha tarjimasi muallifi, ijodkor yozuvchi Jumadurdi Aqqiyev, 2-maktab direktori Fayzulla Tursunov, mohir murabbiylar Bolta Boʻriyev, Farhod Muhiddinov, Muxtor Pardayev kabi va yana qator eʼzozli ustozlarimiz, oʻz kasbining mohir ustasi boʻlgan oʻqituvchilar borligi bizni quvontiradi.
Ayniqsa, yoshlarning sevimli sohasi – jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishini olsak, yaqindagina Qirgʻiziston Respublikasida boʻlib oʻtgan Usmonov Kombat sistems turi boʻyicha jahon chempionatida tumanimiz yoshlaridan 5 nafar sportchi qatnashib oʻz vazni boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritishdi.
Bular 14-maktab oʻquvchisi Abdurahim Normamatov, Muhammadali Murtazayev, Baluj mahallasidan Nodirbek Samandarov, Sarvar Roʻziyev hamda pomuqlik Bahrom Annamurodovlar boʻlib, ular nafaqat tumanimiz va viloyatimiz, balki Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qilib, ishonchli gʻalaba bilan qaytishdi.
Shuningdek, Prezidentning «Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz bir yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida«gi Farmoniga muvofiq Mirishkor tumanidagi «Yangi Mirishkor agropilla» masʼuliyati cheklangan jamiyati pillachisi Toshova Gulsum Jumayevna «Shuhrat» medali bilan mukofotlandi.
Qadrli yurtdoshlar!
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarimizni mutlaqo yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyishda muhim dastur boʻlayotganidan xabaringiz bor. Avvalgi yillari bor-yoʻgʻi 3 ta kitob doʻkoni mavjud boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda esa joylarda 20 dan ortiq yangi kitob doʻkonlari ishlab turibdi.
Qadrli tumandoshlar!
Darhaqiqat, mustaqillik, istiqlol degan ulugʻ saodat avvalo xalqimizga erkinlik va ozod hayotni bergan, insoniy shaʼnimiz, milliy ongimiz, qadr-qimmatimizni tiklab, barchamizga oʻzligimizni anglash tuygʻusini, tilimiz, muqaddas dinimizni, qadriyat va urf-odatlarimizni qaytarib bergan, Vatanimiz tarixida hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydigan buyuk neʼmatdir.
Fursatdan foydalanib, Sizlarni, barcha-barchangizni mana shu eng ulugʻ va eng aziz bayramimiz — mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi bilan yana bir bor qizgʻin muborakbod etaman. Yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi va baxtu saodati yoʻlidagi ezgu ishlaringizga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!
Eʼtiboringiz uchun rahmat!