Rossiya poytaxti Moskva shahrida qoʻl jangi boʻyicha jahon kubogi musobaqasi boʻlib oʻtdi. Musobaqada Rossiya, AQSH, Germaniya, Italiya, Xitoy, Turkiya, Qozogʻiston, Oʻzbekiston kabi jami 37 ta davlatdan 300 nafardan ortiq sportchi gʻoliblik uchun kurash olib borishdi.
Hamyurtlarimiz nufuzli musobaqada 6ta oltin, 9ta kumush va 8ta bronza medallariga sazovor boʻlishdi. Chempionlar orasida oltin medalni qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi vakili mirishkorlik Ogʻabek Qodirov ham bor.

Chempion kuni kecha kechki vaqtda gʻalabani nishonlash maqsadida, oilasi bagʻriga, Mirishkor tuman Elobod qishlogʻiga keldi. Bundan xabar topgan tuman hokimi Sherali Sanayev Elobod qishlogʻiga yoʻl oldi.
Sherali Sanayev oʻzining samimiy tilaklarini bildirib, Ogʻabek Qodirovga esdalik sovgʻalarni topshirdi.

«Biroz tolib, kayfiyat ham bir ahvolda edi, shu vaqt gʻalaba haqida eshitib, barini unutdim, ochigʻi men rahbarlik qilayotgan tumandan shunday chempionlar chiqishi menda faxr tuygʻusini yanada oshirdi. Yoshlarni sport bilan band qilish, ularga shart-sharoitlarni yaratishda endi yanada faol boʻlamiz», dedi Sh. Sanayev.

Maʼlumot oʻrnida, Ogʻabek Qodirov 1999 yilda tugʻilgan. 2018 yilda Rossiya Federatsiyasida sportning qoʻl jangi boʻyicha oʻtgan musobaqada 19 yoshlilar oʻrtasida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritib, jahon chempioni boʻlgan. 2019 yilda MDH davlatlar oʻrtasidagi Armiya oʻyinlari doirasida oʻtkazilgan qoʻl jangi boʻyicha 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan. 2020 yilda Qurolli kuchlar kuch tuzilmalari oʻrtasida oʻtgan qoʻl jangi boʻyicha musobaqada 75 kg vazn toifasida gʻolib boʻlgan.