Assalomu alaykum aziz tumandoshlarim!

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yillik bayrami bilan butun xalqimizni samimiy tabriklash, barchangizga chuqur hurmat va ehtiromimni izhor etishni oʻzim uchun yuksak sharaf, deb bilaman.

Qadrli yurtdoshlar!

Fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning oʻzaro munosabatlari, davlat tuzilishini, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning oʻzaro munosabatlarini belgilab beruvchi Bosh Qomusimiz — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bundan 29 yil avval 8-dekabr kuni qabul qilinib, mazkur sana umumxalq bayrami deb eʼlon qilindi.

Eʼtirof etish joizki, Konstitutsiyamiz mamlakat istiqbolida erishilayotgan barcha yutuqlarning huquqiy asosidir.
Demokratik islohotlar natijasida hududlarni agrar sohadan agrar-sanoat sohaga ixtisoslashtirishga erishilmoqda.

Xususan, Mirishkor tumanida ilk bor yirik loyihalar amalga oshirildi. Tuman istiqbolida 5 ta eng muhim oʻsish nuqtalari aniqlandi. Tumanda joriy yil davomida 700 ming AQSH dollari miqdorida donni qayta ishlovchi «The best agroxim» klasteri, umumiy qiymati 26,25 milliard soʻmlik sochiq ishlab chiqaruvchi «Mirishkor Rifa textile» MCHJ loyihasi hamda yiliga 6000 tonna toladan eksportbop sifatli kalava ip chiqaruvchi «Universal Yasina teks» loyihalarini amalga oshirish ustida ish boshlagan boʻlib, yakuniy bosqich ishlari davom etmoqda.

Bosh qomusimizning mazmun mohiyatini chuqur anglab yetar ekanmiz, unda xalqimiz farovonligi, ularga keng sharoitlar yaratishdek muhim masʼuliyatni his etib, ushbu yuksak vazifani masʼuliyat bilan bajarmoqdamiz.

Tumanimizda 20 891 nafar 18-30 yoshgacha boʻlgan yoshlar istiqomat qilishadi. Joriy yilning oʻtgan davrida 1050 nafar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz yoshlarning 949 nafari xususiy sektor va davlat korxonalariga ishga joylashtirildi. Yoki 541 nafar yoshlarga 10 mlr. 444 mln. soʻmga yaqin kredit mablagʻlari ajratildi. 510 nafar yoshlar kasb-hunarga yaʼni, tikuvchilik, tadbirkorlik, payvandchilik, haydovchilik, pazandachilik va oshpazlik yoʻnalishlarida oʻqitildi.

Hozirgi kunga qadar 19 nafar yoshlarga har biriga 980 000 soʻmdan bir martalik moddiy yordam uchun mablagʻ toʻlab berildi. 145 nafar yoshlarga jami 220 715 000 soʻm mablagʻ ajratildi. Masalan, 125 nafar yoshlar BS toifali haydovchilik kursiga, 20 nafar elektrik va payvandlagich yoʻnalishiga toʻlov pullari toʻlab berildi va oʻqitildi.
Oʻz navbatida, 263 nafar yoshlarga oʻzini-oʻzi band qilishlari uchun 425 015 000 soʻm mablagʻ ajratilib 161 dona tikuv mashinasi, 91 dona asbob-uskunalar subsidiya asosida olib berildi. Yoshlarning isteʼdodlarini qoʻllab-quvvatlash, besh muhim tashabbusni roʻyobga chiqarish va uning doirasidagi tadbirlarni “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan muntazam ravishda moliyalashtirib borilmoqda.
Tumanda yoshlar bilan olib borilgan ishlar natijasida yoshlar daftariga kiritilgan 2843 nafar yoshlardan, jami 2715 nafari (95,2 %) yoshlarning band qilinishiga erishildi va “Yoshlar daftari”dan chiqarildi.

Konstitutsiyamizda taʼlim olish huquqi ham alohida belgilab oʻtilgan.

2021 yilda 1639 nafar 11 sinf bitiruvchilarining 218 nafari oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan. Oʻtgan yilga nisbatan 76 nafarga koʻpaygan.
Investitsiya dasturi asosida 2021 yilda 2 ta, yaʼni 3 va 28-sonli maktablar, “Obod qishloq” davlat dasturi asosida 2 ta, 16 va 36-sonli maktablar taʼlim muassasalarida mukammal taʼmirlash ishlari bajarildi.
2021 yil Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3-iyundagi 284-F-sonli farmoyishiga asosan 28 ta maktablar joriy taʼmirlandi. 2021 yilda barcha maktablar optik tolali internet tarmogʻiga ulandi.
Asosiy qonunimizda Xotin-qizlarning barcha bilan teng huquqliligi belgilab qoʻyilgan.

Mirishkor tumanida 30 yoshdan yuqori boʻlgan 19 236 nafar xotin qizlarning 1 398 nafari “Ayollar daftari”ga kiritildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning 1398 nafari (100 %)ga koʻmaklashildi.
Muhtaram tumandoshlar!
Xalqimizning siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi boʻlgan Konstitutsiyamiz asosida, unda belgilangan muhim vazifalar ijrosi haqida soʻz yuritsak, erishayotgan yutuqlarimiz talaygina.

Azizlarim!

Soʻzimni yakunlar ekanman, Konstitutsiyamizning qutlugʻ bayrami bilan Siz azizlarimni samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolaman.

Bayram muborak boʻlsin qadrli yurtdoshlar!

Sherali Choriyevich Sanayev

Mirishkor tuman hokimi